1 yanvardan tibbiyotda nima o‘zgaradi? (+video)

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalar joriy etilgan tibbiyot muassasalari ulushini yaqin yillar ichida 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishiladi.
Mamlakatimiz tibbiyot tizimi oldida turgan bu ulkan vazifaning ijrosiga katta e’tibor qaratilmoqda. Zero, tibbiyotning raqamlashtirilishi aholi uchun bir qator qulayliklarni yaratadi. Eng muhimi sohada shaffof tizim vujudga kelmoqda. Tibbiy muassasalar o‘rtasida raqobat muhiti aynan raqamlashtirilgan va davlat sug‘urta tizimi amal qilayotgan birlamchi bo‘g‘inda ayniqsa sezilmoqda. Avvalgi turnaqator navbatlar, asab buzilishlar, odamlarni sarson qilish illatlari birin-ketin barham topmoqda. Endilikda, avvalo inson va uning manfaatlari oldingi o‘ringa chiqmoqda. To‘g‘rida, fuqarolarimiz tibbiyot muassasasi ostonasidan o‘tishi bilanoq, maksimal darajada qulaylikni sezishi va davlat e’tiborini xis etishi kerak.
Bundan 3 yil avval Prezident qarori bilan davlat tibbiy sug‘urta tizimi Sirdaryo viloyatida tajriba–sinov hududi sifatida tanlab olinib, tadbiq etilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib poytaxtda ham ushbu mexanizm sezilarli darajada takomillashganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, 61 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatuvchi Uchtepa tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika 1 yanvardan boshlab davlat tibbiy sug‘urta tizimiga to‘liq o‘tdi. Bino ushbu tizimga avvalo moslashtirildi. Hamshira va shifokor ko‘rigi uchun alohida xonalar tashkil etildi. Muassasada 21 ta tibbiy brigada tashkil etildi. Har bir brigadaga 1 nafar shifokor, 1 nafar amaliyotchi hamshira, 2 nafar patronaj hamshirasi va patronaj doyasi biriktirilgan. Har bir brigada o‘z hududidagi 2 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Davlat e’tiboridan, tuman hokimligi va tibbiyot birlashmasining yaqin hamkorligida amalga oshirgan sa’y-harakatlaridan fuqarolarimiz mamnun.
Umuman joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent shahri to‘liq davlat sug‘urta tizimiga o‘tdi. Bu fuqarolarga avvalo katta qulayliklar yaratmoqda. Bemor poliklinikaga murojaat qilganidan so‘ng belgilangan vaqtda hamshiraga, so‘ngra shifokor qabuliga uchraydi. Hech qanday navbatlarsiz, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ishi tezda xal bo‘ladi. Uning kasalligi haqidagi ma’lumotlar bazaga kiritiladi va doimo undan foydalansa bo‘ladi. Bu avtomatlashtirish va integratsiyalashgan tizimning samarasi.
Toshkent shahar bo‘yicha bugungi kunda 72 ta poliklinika, 40 ta shifoxona hamda maxsus dispanserlar ham yangi avtomatlashtirilgan tizimda ishlamoqda.
– Davlat tibbiy sug‘urtasi bu fuqaroga kerak bo‘lgan tibbiy xizmatni davlat tomonidan mablag‘ bilan ta’minlab berilishi hisoblanadi, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘linmasi bosh mutaxassisi Mohira Ergasheva. – Fuqaroga sifatli, bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi… (davomi videoda)
Joriy yilda shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham davlat sug‘urta tizimi keng joriy qilinadi. Aytish kerakki, o‘tgan qisqa vaqt ichida ushbu tizim mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning mutaxassislari ishtirokida takomillashtirildi va samaradorligi oshirildi. Ko‘plab og‘ir yotgan, ijtimoiy himoyaga muxtoj aholi qatlami imtiyozli davolandi, dori-darmon ta’minotida shaffof tizim vujudga keldi, bunda aholi vakillaridan mablag‘, ya’ni, badal to‘lashlari shart bo‘lmay qoldi. Ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar davlat byudjeti hisobidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirildi.
Muhimi, ushbu tizim uchun tibbiyot muassasalarini to‘liq axborotlashtirishga erishildi, aholining elektron ro‘yxati va bemorlarning ma’lumotlar bazasi yaratildi. Tizimdagi poliklinika va shifoxonalar milliy yagona axborot tizimiga ulandi, o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ilk bor “reimbursatsiya” dasturi amaliyotga tadbiq etildi. Ya’ni, surunkali va og‘ir kechadigan kasalliklarning oilaviy shifokor tomonidan shakllantiriladigan “elektron retsept” asosida dorixonalardan dori vositalarini bepul berish hamda ularning harajatlarini jamg‘arma tomonidan qoplash tizimi joriy qilindi.
Yangi tizimning yana bir ijobiy jihati davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti vujudga kelishidir. Raqobat bor joyda esa taraqqiyot ta’minlanadi, insonlar uchun qulayliklar ko‘payadi. Eng muhimi bu kabi islohatlardan aholining barcha qatlamlari birdek manfaatdor bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov
Abror Sodiqov (video), O‘zA