Toshkentning ayrim bozorlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanmoqda

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlaridagi sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, ularni sanitariya-gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan holatga keltirish maqsadida Toshkent bozorlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanmoqda.
Qayd etilishicha, ishlarning birinchi bosqichida, poytaxtning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanadi.
Bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalarining kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarining tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.
Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar o‘z faoliyatini “Food city”, “Tashkent Index” va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan qulay sharoitlarda davom ettirilishi taklif qilinadi. Bunda tadbirkorlar mulklarini ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lgan harajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi do‘konlar uchun ijara to‘lovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.
Shuningdek, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida «Qo‘yliq» massividan bozor hududigacha yo‘l kira xaqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilindi va shaharning barcha yo‘nalishlarga chiqish imkoni yaratildi. Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlar “Food city” va “Tashkent city” savdo majmualarida ish bilan ta’minlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA