Jamiyatga qanday kuchli g‘oyalar kerak? (+video)

Dunyoda inson tafakkuriga yot g‘oya va maqsadlarni singdirishga urinishlar bo‘lmoqda? Ularga qarshi immunitetni shakllantirish uchun favqulodda qanday kuchli g‘oyalar kerak? O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar doktori Bektosh BERDIEV bilan suhbatda shu kabi masalalarga to‘xtaldik.
– Ayrim hollarda yoshlar o‘z qarashlari bilan turli “tuzoq”larga tushib qoladi. Bunga qanday omillar sabab bo‘lmoqda?
– Yoshlarimiz bilib-bilmasdan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqtini o‘tkazyapti. Buni zamon talabi ham deyishimiz mumkin. Birinchidan, jamiyatning ziyoli qatlami har doim yoshlarga nima to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini tushuntirib bera olmayapti. Natijada ijtimoiy tarmoqlardan faqatgina yaxshilik yo‘lida foydalanilmayapti. Bundan radikal kuchlar yoki umuman olganda, bugungi kunda insoniyat hayotiga xavf solayotgan kuchlar foydalanyapti va o‘z axborotini tarqatyapti.
Axborotning iste’molchisi bo‘lgan yoshlarimiz esa ijtimoiy tarmoqlarda radikallarning ma’ruzalariga audio, videoroliklar orqali duch keladi. Bir eshitib ko‘rish ilinjida unga kiradi. Qarabsizki, “chiroyli so‘zlar” bilan yo‘g‘rilgan yoki yoshlarga “jannatni va’da qilayotgan” juda kuchli psixologik ta’sirga ega bo‘lgan ma’ruzalarning tayyor qurboniga, o‘ljasiga aylanib qoladi. Uning orqasida maqsadli yo‘naltirilgan radikallar ishlayapti, juda katta siyosiy asos bilan qo‘llab-quvvatlanayotgani ham bor gap.
Demak yoshlarimiz bir-ikki eshitib ko‘ryapti, do‘stiga ko‘rsatyapti, hattoki bir-biriga uzatishlar, yetkazib berishlar natijasida axborotlarning tarqalishi kuzatilyapti.
– Yoshlarimizda to‘liq immunitet shakllanmagan holda radikalizmning qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi yoki unga sabab bo‘ladigan faktorlar nima? O‘zi radikallar nimani istayapti?
– Qarmoqqa ilintirish uchun ijtimoiy tarmoqlarda qanday ustalik bilan foydalanayotganligidan yoshlarning xabari yo‘q. Bir faktor bugungi kunda ota-onalar yoshlarimiz foydalanayotgan gadjetlarni yoki axborot manbalarini yo‘liq nazorat qila olmaydi. Avvalo, ota-onalarning hammasi ham kezi kelganda uni tushunavermaydi, bolasi nimadan foydalanayotgani, nimani ko‘rgani, o‘qiganini har doim bilolmaydi. Ko‘pchiligining esa vaqti yoki hafsalasi yo‘q, ba’zilari shunchaki beparvo. Mana shunday nazorat, ma’lum bir ma’noda tergab turishlar bo‘lmagach, yoshlar buni erkinlik sifatida qabul qilyapti. Bu “erkinlik” ularga xavfli axborotlarni o‘z ongiga, tafakkuriga singdirish bilan birga ro‘y berayotganini afsus bilan qayd etishimiz kerak.
– Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deyiladi. Demak, ota-onalarning beparvoligi yoki zamondan orqada qolmasin, deya turli texnologiyalarni bolalariga topshirib, ishonishlari salbiy ta’sir etyapti.
– Shunday. Biz bugungi kunda jamoatchilik bilan ishlashda, nafaqat ota-onalari bor, balki ota-onasi yo‘q yoshlarni ham nazardan qochirmasligimiz muhim. Ota-onadan alohida yashaydigan yoshlar ham bor. Shuning uchun biz jamoatchilik bilan ishlayapmiz.
Bugungi kunda yoshlarning radikalizm qarmog‘iga ilinib qolishiga sabab bo‘ladigan omillarni kamaytirishimiz uchun mahallalardan tortib, buvi-bobolari, tog‘a-amakilari bilan bog‘lanib ishlayapmiz.
Biz doim yoshlar tarbiyasi deymiz, lekin aslida ota-onalar bilan ham ishlashimiz kerak. Chunki sog‘lom muhitdagi oilada sog‘lom farzand tarbiyalanadi.
Suhbatning davomi quyidagi ilovada…
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA