Qozog‘istonning Uralsk shahrida kafe binosining qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, olti kishi jarohatlandi. Bu haqda G‘arbiy Qozog‘iston viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

“Ayni vaqtda favqulodda xizmatlar kuchlari tomonidan vayron bo‘lgan inshootlar ostidan 6 kishi qutqarilgan, ulardan 5 nafari tibbiyot muassasalariga yetkazilgan, 1 nafari kasalxonaga yotishdan bosh tortgan. Shuningdek, vayrona ostidan 2 nafar inson jonsiz holda topilgan. Ularning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, vayrona ostida yana odamlar bo‘lishi mumkin. Qutqaruv ishlari davom etmoqda”, — deyiladi xabarda.

Voqea joyiga G‘arbiy Qozog‘iston viloyati favqulodda vaziyatlar xizmati kuchlari, politsiya, mahalliy ijroiya organlari va tez tibbiy yordam xizmati xodimlari, jami 110 nafardan ortiq kishi va 30 ta texnika jalb qilingan.

Binoning qulashiga gaz-havo aralashmasining portlashi sabab bo‘lgan deya taxmin qilinmoqda.

N.Mardonov, O‘zA