Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritiladi

350

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar elektron onlayn-auksion orqali ijaraga olgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni ijara muddatidan ko‘p bo‘lmagan muddatga boshqa shaxsga o‘tkazishini (qayta ijaraga berishini) nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovaning 1.1-bandi to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Yer uchastkasini ijaraga olish huquqini ijaraga beruvchining roziligisiz garov qoidalariga asosan garovga qo‘yish____________ huquqi mavjud/mavjud emas, biroq yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash shartnomalarining ob’ekti bo‘la olmaydi. Jismoniy va yuridik shaxslar elektron onlayn-auksion orqali ijaraga olgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni ijara muddatidan ko‘p bo‘lmagan muddatga boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin”.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi 543-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning ma’muriy reglamentining 5-bandida “(sotib olingandan)” so‘zlari “(qayta sotib olingandan)” so‘zlari bilan almashtiriladi.

O‘zA