MIB tuzilmasida Monitoring markazi tashkil etiladi

353

2024 yil 1 apreldan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bu davlatimiz rahbarining kuni kecha e’lon qilingan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 martgacha ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi.

Majburiy ijro byurosi markaziy apparatining Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi tarkibida Monitoring markazi tashkil etiladi.

Markaziy apparatda Aktivlarning hisobini yuritish va boshqarish bo‘limi, Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida Aktivlarning hisobini yuritish va boshqarish sho‘basi tashkil etiladi.

N.Abduraimova, O‘zA