Ommaviy axborot vositalari xodimlarining axloqiy mas’uliyatini oshirish strategiyalari

574

Prezidentimiz raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi muhokamasi, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari yangi O‘zbekistonni bunyod etish, uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi keng ko‘lamli ishlarda aynan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni yanada kengaytirishga urg‘u qaratayotgani bejiz emas.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali, ba’zan, mamlakatimizning o‘zida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalar ilgari surilayotgani kuzatilmoqda. Ayrimlar yolg‘on ma’lumot tarqatib, o‘z obunachilarining ko‘lamini ko‘paytirish orqali qonunchiligimizda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjudligiga loqayd bo‘lishi holatlari uchramoqda.

2023 yilning 26 noyabr sanasida Saudiya Arabistoni Qirolligining Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) va Musulmonlar jahon ligasi (MJL) tashabbusi bilan “Ommaviy axborot vositalarida nafrat va zo‘ravonlik tarqalishi avj olishini kamaytirish” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro forum Prezidentimiz ta’kidlagan masala bilan hamohang bo‘ldi. Forumda media ekspertlari, mutafakkirlar va diniy yetakchilar murakkab xalqaro voqealar va nozik madaniy-diniy o‘lchovlarga ega bo‘lgan muammolarni hal qilishda xalqaro ommaviy axborot vositalariga yuklangan ma’naviy mas’uliyat muhokamasiga katta e’tibor qaratdi.

Xalqaro minbarda so‘z olgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh muharrir o‘rinbosari O‘tkir Alimov ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda asossiz ravishda ko‘payib borayotgan soxta xabarlar va noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro miqyosda yangi strategiya zarurligini ta’kidladi. Bu o‘z navbatida ichki aloqa va boshqaruvni takomillashtirish, tashqi auditoriya bilan tizimli aloqalarni o‘rnatish zaruriyati bilan bog‘liq.

O‘.Alimov xalqaro ommaviy axborot vositalarining odamlarga nisbatan nafrat mafkurasiga barham berish, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, dunyodagi barcha insonlarning huquq va imkoniyatlarini himoya qilish yo‘lida birgalikda ishlashi zarurligini ta’kidlab, axloqiy mas’uliyatni yuksaltirishda qonunchilikning muhimligi, OAV va huquq sohalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikda faoliyat olib borish zarurligini urg‘uladi.

O‘zA xodimi xalqaro forumda OAV xodimlari o‘z kasbi bilan shug‘ullanayotganda katta ma’naviy mas’uliyatni his qilishlari kerakligini aytib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir” degan yuksak e’tirofi bilan chiqishini yakunladi.

Darhaqiqat, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligi avvalo xalq ma’naviyatining rivojlanishi, boy tarixiy merosimizning chuqur o‘rganilishi, an’ana va urf-odatlarimizning saqlanishi, madaniyat va san’at, fan va ta’lim rivoji, eng muhimi, jamiyat tafakkurining o‘zgarishi va yuksalishi bilan uzviy bog‘liqdir.

Muharrama Pirmatova, O‘zA