O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Aholining ijtimoiy himoya olish huhuqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Vazirlar Mahkamasining “Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023 yil 14 oktyabrdagi 539-son qaroriga muvofiq, shuningdek, davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, ularga ijtimoiy xizmat va yordamlarni qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi: 

davlat ijtimoiy yordami va xizmatlari ko‘rsatishni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar tomonidan amalga oshirish;

tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan ish o‘rinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etishdan oldin ushbu buyurtmalarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan majburiy tartibda kelishish;

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlarining qaroriga asosan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni Agentlik huzuridagi uy-joy fondiga ega bo‘lgan muassasalarga olti oy muddatgacha vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish;

I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish va qayd etishni ijtimoiy xodimlar tomonidan amalga oshirish.

Ichki ishlar vazirligi Agentlik bilan birgalikda ikki dafta muddatda “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimini “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlaydi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi xodimlar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga joylashtirish uchun tegishli axborot tizimlariga ma’lumotlarni joylab boradi.

O‘zA