Davlat rahbarining bevosita tashabbusi va tavsiyasi asosida Buxoro viloyati hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududni obodonlashtirish bilan birga, hudud aholisining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xayrli tashabbuslar doirasida 2022-2024 yillarda Xo‘jaylida qiymati 549 milliard so‘mga teng loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mazkur keng qamrovli ishlar tumanda sanoat ishlab chiqarishi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish, yangi yerlarni o‘zlashtirib, bog‘-rog‘lar barpo etish, yo‘l ta’miri, irrigatsiya tizimini tartibga keltirish, gidroponika usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, hudud infratuzilmasini ravnaq toptirish kabi yo‘nalishlarda qator loyihalarni o‘z ichiga oladi. Buxoro tajribasi asosida ro‘yobga chiqayotgan bu yangilanishlar pirovardida hududni rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash imkonini beradi.

Ayni kunda Saroyko‘l, Somonko‘l, Naymanko‘l, Ko‘lob, Amudaryo, Begjap, Kenagas, Sariganko‘l, Janajap kabi qishloq ovullari va 18 ta mahalladan tarkib topgan Xo‘jayli tumanida bugunga kelib 127 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Orolbo‘yi tumani aholisiga 3 ta shifoxona, 5 ta poliklinika, 9 ta qishloq vrachlik punkti tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Buxorolik tor soha mutaxassislaridan iborat mobil tibbiy brigadalar ovul poliklinikalarida aholi salomatligini nazoratdan o‘tkazmoqda. Buxoro davlat tibbiyot institutining malakali professor-o‘qituvchilari tumanning Oybek mahallasidagi oilaviy poliklinikada aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, tegishli tavsiyalarini berishmoqda.

Xo‘jaylida amalga oshirilayotgan ishlardan viloyat Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi jamoasi ham chetda qolmagan. Chunonchi, yo‘lsozlar “Sarishungul” ovul fuqarolar yig‘ini, Nasiya ko‘chasida 400 metr, “Jana-jap” ovul fuqarolar yig‘ini Alim ovulida 1,2 kilometr, “Vodnik” mahallasida 400 metr yo‘lga shag‘al yotqizdi. Xo‘jayli tumani mahalliy yo‘lsozlar jamoasi bilan hamkorlikda markaziy ko‘chalarni asfaltlashtirishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Buxoro viloyati hokimi Xo‘jaylida bo‘lib, jumladan, yo‘lsozlar oldiga qo‘yilgan vazifalaridan kelib chiqqan holda Jayxun, Somonko‘l va Angar ovullari qator ko‘chalarida ta’mirlash, shag‘al yotqizish va asfalt qilish ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, Jayxun ovuli, Shuhrat ko‘chasida 610 metr, Suvchilar ko‘chasida 800 metr, Somonko‘l ovulining Rayhon hamda Rumiy ko‘chalari har birida 900 metr, Angar ovulida 700 metr yo‘l qismi qayta qurilib, kengaytirilgan va shag‘al to‘kilgani holda bir qismiga asfalt yotqizilgan.

Buxorolik yo‘lsozlar mehnati bilan Samonko‘ldagi Afg‘on qishlog‘ining 4- ko‘chasida 1260 metr, 5-ko‘chasida 495 metr, 6-ko‘chasida 170 metr, 7-ko‘chasida 475 metr, 8-ko‘chasida 375 metr, 9-ko‘chasida 320 metr ichki tuproq yo‘llarga shag‘al to‘kilib, 4 kilometr yo‘l qurilishi bajarilgan.

Birgina o‘tgan yil davomida tumanda 36 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirdan chiqarilgani ovulda istiqomat qilayotgan aholini mamnun qilmoqda.

Yangi yil bayrami oldidan viloyat hokimining o‘rinbosari Jalol Arashov boshchiligidagi mutasaddilar Orolbo‘yida bo‘lib, Xo‘jayli tumani aholisi turmush tarzidagi yangilanishlar bilan yaqindan tanishdi.

Navbatdagi o‘rganish doirasida, avvalo, respublika Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi 52-sonli “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, o‘tgan davr mobaynida Buxoro viloyati hokimligi tomonidan Xo‘jayli tumanida amalga oshirilgan ishlar hamda 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida shu yil 27 dekabr kuni Xalq deputatlari Xo‘jayli tumani Kengashiga hisobot berildi.

Xo‘jayli tumani “Parvoz” mahalla fuqarolar yig‘inidagi foydalanilmayotgan, bo‘sh turgan binoni 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotiga moslashtirish, markaziy stadionni rekonstruksiya qilish hamda 3,5 kilometr masofada salomatlik va piyodalar yo‘lagini qurish ob’ektlarining loyihalari muhokama qilinib, bu borada loyihachi va pudrat tashkilotlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Ushbu maqsadlar uchun 15 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Orolbo‘yi aholisi ijtimoiy muhofazasiga doir amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tiborga molik. O‘tgan oylarda tumandagi 143 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning 1,6 milliard so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatish orqali bandligi ta’minlangan. Bu jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj 100 ta oilaga qiymati 1,3 milliard so‘mlik ixcham issiqxonalar qurib, 20 ta xonadonning har biriga 100 boshdan, qiymati 120 million so‘m bo‘lgan jami 2 ming bosh tovuq hamda mahallada yashovchi ishsiz fuqarolarga qiymati 161 million so‘mlik, quvvati 500 bosh jo‘ja chiqarishga moslashtirilgan 23 ta inkubator uskunasi yetkazib berilgan.

Shu kunlarda yana 74 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga 120 million so‘mga teng moddiy yordam ko‘rsatilayotgani hamda 54 nafar ishsiz fuqaroga tikuv mashinasi, chorva mollari va  parranda olib berilayotgani hisobidan bandligi ta’minlanayotgani yuqoridagi fikrimiz dalili. Qolaversa, viloyat hokimligi tomonidan Xo‘jaylidagi 14 ta mahallaga 20 dona maishiy xizmat va savdo xizmati ko‘rsatishi uchun konteynerlar yetkazib berilgani maqsadga muvofiqdir.

Orolbo‘yi aholisi salomatligini muhofazalash borasida ham viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tajribali tibbiyot xodimlarining o‘z o‘rni va xizmati bor.

Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilaridan iborat 50 kishidan ortiq jamoa Xo‘jayli tumani aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davo muolajalarini belgilash, shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida jami 10 ming nafardan ortiq fuqaro salomatligini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgan. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 6 084 nafariga ambulator va 777 nafariga statsionar sharoitda davolanish tavsiya etilgan.

Shuningdek, bemorlarning 202 nafarida jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilgan bo‘lsa, shundan 48 tasi yuqori texnologik operatsiyalar hisoblanadi. Qolaversa, ayni paytda Xo‘jayli tumanidan jami 31 nafar operatsiyaga muhtoj bemor Buxoro viloyatining ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish va davolash uchun yotqizilgan. Bu bemorlarning 5 nafari konservativ davolangan bo‘lsa, qolgan 26 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, shundan 22 tasi yuqori texnologik operatsiyalar hisoblanadi.

Orolbo‘yi tumani tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Buxoro viloyat hokimligining mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan umumiy qiymati 629 million so‘mlik, 8 turdagi zarur tibbiy asbob-uskunalar xarid qilinib, foydalanishga topshirilgan. Hozirgi kunga qadar 3 ta mahallada tibbiyot punktlarini tashkil etish uchun maxsus konteynerlar yetkazib berilgan.

Ayni yangi yil shodiyonasi oldidan xo‘jayliliklarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davo muolajalarini belgilash, shuningdek birlamchi tibbiy-sanitariya tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Buxorodan  malakali shifokorlar guruhi yetib borib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Qurilish-ta’mirlash va hududni obodonlashtirish borasida ham diqqatga sazovor ishlar ro‘yobga chiqarilayotgani quvonarli, albatta.

Masalan, “Sarishungil” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan “Ijtimoiy shaharcha” atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun Buxoro viloyati hokimligi tomonidan 2,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Xo‘jayli tumanidagi 926 ta yakka tartibdagi uy-joy to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, natijada 899 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash hamda 27 ta uy-joyda qayta qurish aniqlanib, bugungi kunda barcha ob’ekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Yakuniga yetayotgan joriy yilda hududdagi 63 ta uy–joyning tom qismida ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan Orolbo‘yidagi 32 ta qo‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirdan chiqarilib, bu ishlar uchun viloyat mahalliy byudjetidan 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ sarflangan.

Xo‘jaylida irrigatsiya -melioratsiya tadbirlarini ro‘yobga chiqarish uchun maxsus ishchi kuchi va texnika-mexanizmlar jalb qilingani holda “XKS” kollektorining 45 kilometr qismining ikki tomoni to‘liq tozalandi. Bu yirik qamrovli loyihaga 1 milliard 350 million so‘m sarmoya sarflangan. Shuningdek, hududdan o‘tgan “Janajap” kanalining 19,4 kilometr qismi ikki tomonlama, jami 38,8 kilometr masofada qazilgani suv yetkazib berish barqaror izga solinishini ta’minlaydi. Qazish ishlariga o‘nga yaqin ekskavator va buldozer jalb etilgan. Bu kabi sa’y-harakat tufayli hududdagi 500 gektar ekin yerining  unumdorligi oshirilib, suv ta’minoti yaxshilanmoqda. Joriy yil 10-11 dekabr kunlari Buxorodan Xo‘jaylidagi xo‘jaliklararo ichki ariqlarni betonlashtirish maqsadida 70 tonna sement va 10 dona beton qorish moslamasi beg‘araz yetkazib berilgani ham shunday xayrli maqsadga xizmat qiladi.

Umuman, Orolbo‘yidagi o‘rganishlar davomida viloyat mutasaddilari Xo‘jayli tumani hokimi Jenges Yermashev bilan birgalikda hududdagi 17-son QMSHBSH, 3 va 6-son maktab-internatlarida bo‘ldi. Bu o‘rinda, mazkur muassasalarda tarbiyalanayotgan barkamol avlod vakillari uchun bezatilgan archa atrofida yangi yil bayram tadbiri tashkillashtirildi. Shu kuni 460 nafar tarbiyalanuvchiga sovg‘a-salomlar topshirdi. Bunga javoban buxorolik mehmonlarga ta’lim dargohlari yoshlari o‘zlari tayyorlagan konsert dasturini namoyish qildi.

Buxoro viloyati hokimligi tomonidan Xo‘jayli tumanida Yangi yil bayrami oldi arzonlashtirilgan narxdagi qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar savdo yarmarkasi  tashkil etildi.

“Xo‘jayli dehqon bozori”dagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi faoliyati aholiga qulay bo‘ldi. Unda buxorolik fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, qayta ishlash korxonalari, agrofirmalar tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar arzon narxlarda sotildi. Xususan, ikki kunlik yarmarka davomida 5 tonna un, 10 tonna sabzi, 5 tonna kartoshka, 10 tonna piyoz, 5 tonna guruch mahalliy bozorlarga nisbatan 30 foiz arzon narxda aholiga taklif etildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri