O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish, hududlarda, ayniqsa, mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek, aholi turmush darajasini oshirish hamda tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar, idoralar hamda xo‘jalik birlashmalari tomonidan jamoatchilik fikri va aholi istaklari asosida 2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.

Qaror bilan 2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy parametrlari hamda 2025 – 2026 yillar uchun maqsadli mo‘ljallar;

2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish doirasida moliyalashtiriladigan yo‘nalishlarning asosiy parametrlari;

2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ektlarida yangi quvvatlar yaratishning maqsadli ko‘rsatkichlari hamda 2025 – 2026 yillar uchun maqsadli mo‘ljallar;

2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlar;

2024 yilda ma’muriy, muhandislik-infratuzilma, alohida muhim va toifalangan ob’ektlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxat;

2024 yilda huquqni muhofaza qilish va mudofaa ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxat;

2024 yilda maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha ob’ektlarning manzilli ro‘yxati;

2024 yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan byudjet tizimi byudjetlaridan moliyalashtiriladigan ob’ektlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Prezident qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari Dasturning asosiy parametrlari, maqsadli ko‘rsatkichlari va manzilli ro‘yxatlarini belgilangan muddatlarda sifatli va to‘liq amalga oshirish, shuningdek, ajratilgan mablag‘larni maqsadli hamda samarali sarflanishini ta’minlash uchun javobgar hisoblanadi.

O‘zA