So‘nggi yillarda mamlakatimizda yirik sport tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan yana biri 2024 yilning 24-29 sentyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladi.

Ushbu kunlar oralig‘ida poytaxtimiz kikboksing bo‘yicha jahon kubogiga mezbonlik qiladi. Bu haqda Xalqaro kikboksing assotsiatsiyasining 2024 yil uchun mo‘ljallangan taqvimida xabar berilgan. Jahon kubogi Toshkent shahridagi qaysi majmuada tashkil etilishi haqida hali aniq ma’lumot berilmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kikboksing terma jamoasi 2023 yil noyabr oyida Portugaliyada o‘tkazilgan jahon chempionatida 3 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA