2024 yil futbol mavsumida mamlakatimiz hamda qit’a futbolida qanday muhim musobaqalar o‘tkazilishi ko‘pchilik muxlislarni qiziqtirishi tabiiy. O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati kuni kecha yil mobaynida bizni kutib turgan muhim musobaqalar tafsiloti xususidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, terma jamoamiz joriy yilning 12 yanvar – 10 fevral kunlari Qatar yashil maydonlarida o‘tadigan Osiyo kubogi bahslari bilan 2024 yil futbol mavsumini boshlaydi.

Xabar berganimizdek milliy terma jamoamiz qit’a kubogining dastlabki o‘yinlarini “B” guruhida Suriya, Hindiston, Avstraliya jamoalariga qarshi o‘yinlar bilan boshlaydi.

“V” guruhi taqvimi:

13 yanvar. O‘zbekiston – Suriya

18 yanvar. Hindiston – O‘zbekiston

23 yanvar. Avstraliya – O‘zbekiston

Shuningdek, Qatarda 15 aprel – 3 may kunlari o‘tadigan U23 Osiyo kubogi bahslari ham mamlakatimiz futbol ishqibozlarining diqqat markazidagi bahslar sirasiga kiradiki, unda hamyurtlarimiz “D” guruhida “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

Aytish lozim, mazkur musobaqada dastlabki 3 ta o‘rinni egallagan jamoalar “Parij-2024” yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, 4-o‘rindan joy olgan jamoa Afrikaning to‘rtinchi jamoasi (Gvineya) bilan pley-off bosqichida ro‘baro‘ keladi.

“D” guruhi taqvimi:

17 aprel. O‘zbekiston – Malayziya

20 aprel. Quvayt – O‘zbekiston

23 aprel. O‘zbekiston – Vetnam

“Parij-2024” Olimpiadasi uchun ayollar futbolida o‘tkazilgan o‘tgan yilgi musobaqalar mamlakatimiz futbolchi qizlari uchun har jihatdan omadli keldi. Hamyurtlarimiz Olimpiya o‘yinlariga saralashning birinchi va ikkinchi bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan holda Fransiya yashil maydonlari “ostonasiga” Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliya jamoalari singari juda yaqin keldi.

Endi mamlakatimiz ayollar jamoasi avstraliyalik futbolchi qizlar bilan Osiyo qit’si uchun belgilangan 2 ta yo‘llanmaning bittasi uchun kurash olib borsa, ikkinchi guruhda Yaponiya va Janubiy Koreya futbolchi qizlari Olimpiadaning ikkinchi chiptasi uchun kurashga kirishadi.

“Parij-2024” saralash bosqichi (ayollar):

24 fevral. O‘zbekiston – Avstraliya

28 fevral. Avstraliya – O‘zbekiston

Ushbu ikki jamoadan biri joriy yilning 24 iyul – 10 avgust kunlari oralig‘ida bo‘lib o‘tadigan “Parij-2024” Olimpiadasining ayollar futbol bahslarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. E’tiborli jihati, mamlakatimiz ayollar futbol jamoasi o‘z tarixida ilk bor to‘rt yillikning nufuzli musobaqalarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lib turibdi.

Srechko Katanets bosh murabbiyligidagi mamlakatimiz milliy terma jamoasini joriy yil davomida muhim uchrashuvlar kutib turibdiki, bu O‘zbekiston futbolining jahon chempionatlari chorrahasidagi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Milliy terma jamoamiz aynan joriy yildan Jahon chempionati –2026 saralash bosqichlarida ishtirokini davom ettiradi. Futbolchilarimiz “JCH-2026” doirasida Osiyodagi 2 va 3-saralash bosqichlarida qatnashadi.

2-saralash bosqichida “Ye” guruhida qolgan o‘yinlarimiz:

21 mart. Gonkong – O‘zbekiston

26 mart. O‘zbekiston – Gonkong

6 iyun. O‘zbekiston – Turkmaniston

11 iyun. Eron – O‘zbekiston.

3-saralash bosqichi o‘yinlari 5 sentyabrdan boshlanadi. Ortda qolgan 2023 yil mamlakatimiz futbol klublari uchun omadli kelganini ta’kidlamoq lozim.

Namanganning “Navbahor” va Qarshining “Nasaf” jamoalari o‘tgan yil davomida Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichlarida o‘zbek futbolining qit’adagi mavqeini munosib tarzda namoyish etdi. Ularning o‘tkazilgan bahslarda muvaffaqiyatli ishtirok etgani millionlab futbol ishqibozlariga g‘urur bag‘ishlagani bor gap.

Xo‘sh, 2024 yil davomida har ikki jamoaning Osiyo chempionlar ligasidagi ishtiroki qanday bo‘ladi? O‘yinlar qaysi sanalarda o‘tkaziladi?

OCHL-2023/2024. Pley-off bosqichi.

Dastlabki o‘yinlar. 12-13 fevral

“Nasaf” – “Al-Ayn” (BAA)

“Navbahor” – “Al-Ittihod” (Saudiya Arabistoni)

Javob o‘yinlari. 19-20 fevral

“Al-Ayn” (BAA) – “Nasaf”

“Al-Ittihod” (Saudiya Arabistoni) – “Navbahor”

Umid qilamizki, o‘zbek futbolining jozibali o‘yin uslubini yaratishga intilayotgan har ikki jamoamiz Osiyo chempionlar ligasida g‘alabali odimini davom ettirgan holda, 4-5 mart va 11-12 mart kunlari o‘tadigan chorak final uchrashuvlarida qatnashish baxtiga muyassar bo‘ladi. 16 va 23 aprel kunlaridagi yarim final va may oyida bo‘ladigan final bahslarida maydonga tushish huquqiga ega chiqadi.

Umuman olganda, 2024 yil futbol mavsumi “millionlar o‘yini”ning ishqibozlari uchun har qachongidan ham zavqli o‘tishi musobaqalar, uchrashuvlar mundarijasida ham o‘z aksini topmoqda.

Boshlangan 2024 yilning 13 yanvar – 11 fevral kunlari Kot-d’Ivuarda kechadigan Afrika millatlar ligasi o‘yinlari, 14 iyun – 14 iyul Germaniya yashil maydonlarida o‘tadigan Yevropa chempionati, 20 iyun – 14 iyun kunlari Amerika qit’asi kubogi o‘yinlari, yurtimizda o‘tadigan O‘zbekiston milliy chempionatlari va boshqa musobaqalar futbol ishqibozlarini quvontirishi tayin.

T.Ro‘ziyev, O‘zA