Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahriga Xitoydan import qilingan guruchlar sun’iy ekanligi va sellofandan tayyorlangani aytilgan video xabarlar tarqalgan edi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Nurbek Salomovning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu kabi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Boisi, mamlakatimizga import qilinadigan gurunchlar ichida turli xil zararkunanda va hasharotlar yo‘qligi bo‘yicha hamda o‘ta xavfli va boshqa infeksiyalar olib kirilmasligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi. Mahsulot tegishli tashkilotlar xulosasiga ko‘ra iste’molga yoki ekishga yaroqli deb topilsagina  O‘zbekistonga olib kirishga ruxsat beriladi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati ham bunday guruch mamlakatimizga import qilinmaganini ma’lum qildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonda sholi yetishtiradi. Respublika sharoitida aholi jon boshiga o‘rtacha yilga 9,8 kilogrammdan guruch iste’moli talab etiladi. Ya’ni respublika aholisini to‘liq guruch mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.

Respublika hududlarida 2022 yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirilgan. Guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Ya’ni aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi (2021 yilga nisbatan 48 ming tonna ko‘p sholi yetishtirilgan).

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda respublika bo‘yicha 8 ming tonna guruch import qilingan bo‘lsa, 2023 yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Ya’ni iste’molga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan.

Guruch importi Qozog‘istondan 29,3 ming tonna (54,7%), Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3%), Tailanddan 599 tonna (1,1%), Turkiyadan 265 tonna (0,5%) va Hindistondan 126 tonna (0,2%) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02%) guruch importi amalga oshirilgan.

 

Sh. Mamaturopova, O‘zA