Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal – demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining joriy 2023 yil yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, shahar va tuman Kengashi apparat rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda asosan partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ib etish bo‘yicha olib borilgan ishlar, bo‘limlar faoliyati tahlili, tayanch tuzilmalari va deputatlik guruhi faoliyati, elektoratlar bilan ishlashda amalga oshirilgan ishlarning yakuni va kelgusi 2024 yilda oldinda turgan dolzarb vazifalar, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Sag‘indiq Turmanov yakunlanayotgan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilib, siyosiy kuch sifatida mamlakat siyosiy sahnasiga kirib kelganiga 20 yil to‘lganligini, yetakchi partiya sifatida shu yillar mobaynida Prezident va Parlament saylovlarida faol ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishib kelayotganligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun: joriy yilda partiya safiga 5 mingdan ziyod yangi a’zo qabul qilinib, 51 ta tayanch tuzilmasi yangidan ochildi.
Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 89 ming nafardan ziyod a’zo 1 ming 87 ta boshlang‘ich tashkilotga biriktirilgan holda faoliyat olib bormoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 3 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida 14 nafar, shahar va tuman Kengashlarida 130 nafar deputat faoliyat olib bormoqda.
Yig‘ilishda partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ib etish, yangi a’zolar sonini ko‘paytirish, tayanch tuzilmalari va deputatlik korpusi, ayollar va yoshlar qanoti bo‘limlari tomonidan qilingan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va 2024 yilda partiya oldida turgan ustuvor vazifalar bo‘yicha ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerakligi yuzasidan aniq takliflar o‘rtaga tashlandi. Bundan tashqari, yil yakuni bo‘yicha partiyaning eng faol shahar va tuman Kengashi apparati rahbarlariga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri