O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 yanvar kuni mudofaa qurilishi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda qo‘shinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, mavjud qurol-yarog‘ namunalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Qo‘shinlarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi, boshqaruv organlari, birlashmalar, qo‘shilma va qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan mudofaa vazirining hisoboti tinglandi.

Hisobot davrida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahallalarda 24 mingdan ortiq tadbir o‘tkazildi, “Jasorat maktablari”dagi o‘quv yig‘inlariga 5 ming nafardan ziyod yoshlar jalb qilindi.

Harbiy shaharchalarda “temir daftar”ga kirgan oilalarning farzandlari uchun fan, sport va san’at turlari bo‘yicha to‘garak va seksiyalar tashkil etish, ularni brigada komandirlari va harbiy okrug qo‘mondonlariga biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Jami 580 dan ortiq tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlari o‘tkazildi, ularda Qurolli Kuchlarning 35 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida qo‘shinlarning jangovar tayyorgarlik samaradorligi, harbiy xizmatchilarning professionalligi, jangovar ruhi va psixologik shayligi sezilarli darajada oshdi.

Harbiy oliy ta’lim muassasalari faoliyatida harbiy kadrlarni ilg‘or texnologiyalar asosida tayyorlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.

Bundan tashqari, harbiy sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shinlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, aloqa tizimlari takomillashtirilmoqda.

Yig‘ilishda milliy armiyani zamonaviy qurol-aslaha va harbiy-texnik mulk bilan ta’minlash, harbiy sanoat majmuini takomillashtirish ishlarini davom ettirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

14 yanvar kuni nishonlanadigan Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini yuksak saviyada tayyorlash va o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari tomonidan Qurolli Kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yuksaltirish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.