“Moliyaviy iste’mol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

bugungi kunda moliyaviy iste’mol kreditlari uchun talab ortib bormoqda, biroq O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ga moliyaviy iste’mol krediti ajratilishi amaldagi qonun bilan cheklangan. Natijada, mazkur cheklovni chetlab o‘tish uchun aholimiz boshqa moliyaviy vositalardan foydalanib kelmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda bozordagi 54 foiz sovutgich, 48 foiz konditsioner va 47 foiz gaz plitalari import qilingan.

Aholiga ajratilgan maqsadi belgilanmagan kreditlar – mikroqarz 2021 yilda 9,9 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda esa 16,7 trillion so‘mga (o‘sish 1,7 barobar) yetgan.

Qonun bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar va xizmatlar uchun ham iste’mol krediti ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Amalda iste’mol krediti O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlarini (xizmatlarni) olish uchun beriladi. Ta’kidlash joizki, 2006 yilda qonun qabul qilingan vaqtda ushbu norma mamlakat bozorida tovar va xizmatlar tanqisligi tufayli zarur edi.

Qonunning qabul qilinishi Davlat byudjetidan qo‘shimcha xarajatlarni talab etmaydi.

Mazkur qonunni qabul qilish moliyaviy iste’mol krediti berish tartibini takomillashtirish va soddalashtirish, iste’molchi-fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Iste’mol krediti davlat xizmatining bir shakli bo‘lib, aholining mahsulotlarga bo‘lgan talabini rag‘batlantiradi, ularni ishlab chiqarish va sotishni ko‘paytirish evaziga oddiy fuqarolar hayotining yaxshilanishiga olib keladi.

Shuni inobatga olgan holda amaldagi qonunchilikka kiritalayotgan o‘zgartirishlar mamlakat aholisining turmush darajasini oshirish, mehnat samaradorligini rag‘batlantirish, kadrlar almashinuvini qisqartirish va natijada jamiyatdagi ijtimoiy keskinlikni kamaytirishga yo‘naltirilgan.

 

O‘zA