Davlatimiz rahbari Xalqaro kongress markazida ta’lim sifatini oshirish va yangi avlod darsliklarini joriy etishga bag‘ishlangan ko‘rgazma-taqdimot bilan tanishdi.

Tadbirda darsliklarni ishlab chiqqan mutaxassislar, o‘qituvchilar, metodistlar, maktab psixologlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti sifatli ta’lim masalasini bir necha bor ko‘targan,  o‘quv  jarayoniga  ilg‘or texnologiyalarni  joriy qilish, ta’lim islohotini yangi turdagi maktab bitiruvchisini shakllantirishga mos keladigan darsliklarni yaratish va joriy etishdan boshlash kerakligini ta’kidlagan edi.

Taqdimotda tanishtirilgan o‘quv-metodik komplekslar (UMK)  asosini   tanqidiy fikrlash, jamoaviy ishlash,  ijodkorlik (kreativlik) va muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish (4K) tamoyili tashkil etdi. Ularni ishlab chiqishda xalqaro dasturlar tomonidan o‘quvchilarning muvaffaqiyatlarini baholashda   qo‘llaniladigan  namunaviy  topshiriqlar o‘rganib chiqildi va asos qilib olindi (PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA).

UMK  faol o‘quv jarayoni uchun to‘liq materiallar to‘plami: darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchilar uchun uslubiy qo‘llanmalardan iborat. Shuningdek, Estudy elektron ta’lim platformasi ham  ushbu tizimga uyg‘un tarzda qiritilgan. U matematika, tabiatshunoslik, informatika kabi fanlar bo‘yicha o‘quv kurslarni hamda egallangan bilimlarni  mustahkamlash uchun  300 dan ziyod  ongni oshiradigan o‘yinli vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Platformadan dars davomida ham, bo‘sh vaqtda ham foydalanish mumkin. O‘quvchilar uning yordamida o‘zlashtirgan materialni mustahkamlash bilan birga, mustaqil ravishda dasturdan ilgarilab ketishlari ham mumkin. Platforma TAS-IX tarmog‘ida joylashtirilgan, bu esa undan bepul foydalanish imkonini beradi.

Bundan tashqari, o‘quv-metodik komplekslar Android, IOS platformalari va «Matematika» va  «Bukvar» mobil ilovalari uchun o‘zbek va rus tillarida ongni o‘stiradigan o‘yinlar to‘plamiga ega interfaol  o‘quv dasturini  ham o‘z ichiga oladi.

E’tiborlisi, 1-4 sinflar uchun taqdim etilgan darsliklarning bir qismi, xususan, tasviriy san’at, o‘zbek tili va musiqiy savodxonlik bo‘yicha kitoblar kengaytirilgan reallik texnologiyalaridan  foydalanilgan holda ishlab chiqilgan. Bu o‘quvchilarni  fanga yanada ko‘proq qiziqtirish hamda bugungi o‘smirlar hayotida muhim bo‘lgan gadjetlarni  foydali vositaga aylantirish maqsadida ishlab chiqilgan. Kengaytirilgan reallik ilovasi  1 marta yuklab olinadi va oflayn rejimida ishlaydi.

Yana bir muhim jihat shundan iboratki,  ushbu dasrliklarda  nafaqat  fanlar, balki 21 asrda zarur bo‘lgan  hayotiy ko‘nikmalar ham o‘rgatiladi. Ayni damda kitoblar yosh psixologiyasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Masalan, birinchi sinfda ta’lim jarayoniga ko‘proq o‘yin orqali yondashiladi, ma’lumotlar  asosan ko‘rsatish-vizual tarzda yetkaziladi.

O‘quv-metodik komplekslarga qo‘shimcha ravishda tarbiya, jismoiy tarbiya, texnologiya,  va tasviriy san’at bo‘yicha  200 dan ortiq  multimedia materiallari ham ishlab chiqilgan. Ushbu o‘quv videoroliklari o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini shakllantirish va  oshirishga  qaratilgan. Eng muhimi. barcha dasturlar  milliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan.

 

O‘zA