O‘zbekiston – Latviya: savdo hajmi ortmoqda

11

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Latviya delegatsiyasi tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Latviya transport vaziri Atis Shvinka o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida do‘stona, konstruktiv va o‘zaro hurmatga asoslangan siyosiy hamda iqtisodiy munosabatlar shakllangani, bu sheriklik va umumiy manfaatlar tamoyillariga tayanishi qayd etildi.

O‘zbekiston – Latviya Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi va ikki mamlakat biznes vakillari ishtirokida biznes-forum ham tashkil etildi.

Tadbirda ta’lim, transport va logistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan yigirmadan ziyod Latviya kompaniyasi ham qatnashdi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi hamkorlik yig‘ilish muhokamasi markazida bo‘ldi.

2025-yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 273,2 million dollarni tashkil etdi. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichni o‘rta muddatda 500 million dollarga yetkazishni rejalashtirgan.

– Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda ikki tomonlama uchrashuv davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qator sohalarda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi qadamlar to‘g‘risida fikr almashdik, – dedi vazir Laziz Qudratov biznes-forumdagi chiqishida.

Anjumanda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xususida ma’lumot berildi. Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti deyarli ikki barobarga o‘sdi va yillik iqtisodiy o‘sish sur’ati izchil ravishda 7,7 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda.

Forumda ko‘plab yo‘nalishlar qatori Yevropa Ittifoqi standartlarini joriy etish va raqamli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash muhim ekani qayd etildi.

Yakunda ishbilarmonlik hamkorligi kengashlari faoliyatini tiklash to‘g‘risida memorandum hamda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha Harakatlar rejasi imzolandi. B2B uchrashuvlarida logistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA