Milliy yuksalishning yangi energiyasi: mas’uliyat va kelajak strategiyasi
O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining shunday muhim pallasiga qadam qo‘ydiki, unda inson kapitali, ayniqsa, yoshlarning salohiyati mamlakat taqdirini belgilovchi asosiy strategik kuchga aylandi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirokida o‘tgan tarixiy muloqot nafaqat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini, balki 22 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlarimizning qalbidagi ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yangi bosqichga olib chiqdi. Bu uchrashuvning bosh g‘oyasi — yoshlarni nafaqat kelajak vorisi, balki bugungi yangilanishlarning eng faol ishtirokchisi va bosh ijrochisiga aylantirishdan iboratdir.

Ishonch va mas’uliyat uyg‘unligi Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yurtimizdagi yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchdir” degan ta’kidi bugungi davlatchilik formulasining o‘zagini tashkil etadi. Bu kuch — O‘zbekistonning global dunyodagi raqobatbardoshligini ta’minlovchi asosiy manbadir. Shu ma’noda, yurtimizning Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez rivojlanayotgan davlat deb e’tirof etilgani bejiz emas. Toshkentda Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohining tashkil etilishi, Samarqandda Yoshlar parlamentining global konferensiyasi va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining o‘tkazilishi mamlakatimizning bu boradagi xalqaro maqomini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi O‘zbekiston yoshlari — jahon arenalarida o‘z so‘zini aytayotgan avlod. Fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan 434 ta medal, Garvard, Yel, Kolumbiya kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan 500 nafardan ziyod talabalarimiz yangi Uyg‘onish davrining intellektual mevasidir. Ayniqsa, yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar bozorlariga kirib borgani yurtimizda kreativ iqtisodiyot shakllanayotganidan dalolat beradi. Prezident tomonidan startaplarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi va “President Tech Award” tanlovining mukofot jamg‘armasi 1 million dollarga yetkazilishi bu sohadagi inqilobiy qadamdir.

Davlat siyosatining eng muhim jihati — har bir yigit-qizga imkoniyat eshiklarini ochishdir. Har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotganini inobatga olib, ularning tadbirkorlik ishtiyoqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirildi. Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 300 million so‘mgacha oshirilgani, 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha mablag‘ berilishi yoshlar bandligi masalasini tubdan hal etadi.
Ayniqsa, ijtimoiy adolat tamoyili doirasida Samarqandda tashkil etiladigan Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohi hamda adashgan yoshlarni hayotga qaytaruvchi “ikkinchi imkon” loyihasi — davlatimizning har bir fuqaroga bo‘lgan mehri va e’tibori ifodasidir. Texnikum o‘quvchilari uchun ilk bor joriy etilayotgan “Work and travel” dasturi esa yoshlarni xorijda tajriba orttirish va daromad topish imkoniyati bilan ta’minlaydi. Shuningdek, volontyorlik harakatining qo‘llab-quvvatlanishi va maxsus jamg‘armaning tashkil etilishi jamiyatda ijtimoiy mas’uliyat hissini yuksaltiradi.
Davlat rahbarining “Birorta yigit-qiz e’tiborsiz qolmasligi zarur” degan so‘zlari har bir rahbarni sergaklikka chorlaydi. Ma’naviyatsiz taraqqiyot, ilmsiz kelajak bo‘lmaydi. Shu bois, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish uchun eng faol o‘quvchilarga 10 million so‘mlik mukofotlar, iste’dodli yozuvchilarga oylik 20 million so‘mlik haq berilishi — millatning ruhiy immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladi. Olis hududlardagi o‘quv markazlari uchun soliq imtiyozlarining berilishi esa chekka qishloqdagi yoshlarning ham jahon tillarini mukammal egallashiga yo‘l ochadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Ko‘ksaroydagi muloqot shunchaki hisobot emas, balki milliy yuksalish strategiyasining amaliy namoyishi bo‘ldi. Prezident ta’kidlaganidek, kichik startaplar ertaga katta biznesga, milliy brendlarga aylanishi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratishga tayyor. Bugun yoshlar uchun ochilgan keng imkoniyatlar — ertangi kuchli, barqaror va farovon O‘zbekistonning eng mustahkam kafolatidir. Endigi navbat yoshlarga. Berilgan bu yuksak ishonch va imkoniyatlardan foydalanib, Vatan ravnaqi yo‘lida yangi zafarlarga bel bog‘lash vaqti keldi. Zero, Yangi O‘zbekiston — intiluvchan, bilimli va qalbida yurt ishqi bo‘lgan yoshlar bilan barpo etiladi.
Alouddin G‘afforov,
O‘zA