Prezident: “Har bir qaror, har bir xizmat, har bir jarayon faqat inson manfaatiga xizmat qilishi zarur”
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida byurokratiyani bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forumning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, davlat xizmati sohasidagi yetakchi ekspertlar va jamoatchilik faollari qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida anjumanni tashkil etishdagi ko‘magi uchun Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviyga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ushbu mamlakat xalqi va rahbariyatini yaqinlashib kelayotgan ayyom – Birlashgan Arab Amirliklari tashkil etilgan kun munosabati bilan muborakbod etdi.
– Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan insonparvar g‘oyaga amal qilyapmiz, – dedi Prezidentimiz.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi va biznes uchun byurokratiya, ovoragarchilik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh qilish va raqamlashtirish, davlat organlari faoliyatini maqbullashtirish, aholi bilan davlat idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

So‘nggi yillarda respublikamizda byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan 9 ta farmon va qaror qabul qilindi. Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal platformasi, “Raqamli hukumat” kabi tizimlarning tashkil etilishi natijasida davlat xizmatlari xalqimiz uchun yanada qulay, tezkor va shaffof bo‘lmoqda.
Xususan, 2017 yilda faqat 444 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1 ming 40 taga yetdi. Bunda ko‘rsatilgan xizmatlar soni qariyb 10 barobarga ko‘payib, 55 milliondan oshdi. 90 dan ortiq xizmatlarni proaktiv va kompozit shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Masalan, tug‘ilish bilan bog‘liq xizmatlarning kompozit shaklda ko‘rsatilishi har yili qariyb 1 million fuqaroga qulaylik yaratmoqda. Aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy nafaqalar, shuningdek, yoshga doir pensiya tayinlanishi aholi murojaatlarisiz avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda.



Raqamlashtirish natijasida 30 turdagi xizmatlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratildi. Joriy yilning o‘zida 8 millionga yaqin xizmatlar avtomatik ravishda ko‘rsatildi. Hujjat almashinuvining elektron shaklga o‘tkazilishi aholining yiliga 23 milliard so‘m mablag‘lari tejalishiga imkon bermoqda.
Shu bilan birga, biznes vakillariga ham yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida 160 danziyod litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. 150 dan ortiq ruxsatnomalar bugungi kunda elektron shaklda berilmoqda, 140 turdagi hujjat va ma’lumotlarni talab qilish amaliyotiga chek qo‘yildi.

Davlat xizmatlari eksterritorial tamoyil asosida ko‘rsatila boshlandi. Shuningdek, “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili amaliyotga joriy etilmoqda.
Davlatimiz rahbari bugun byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlanganini ma’lum qildi. Ushbu hujjat, eng avvalo, davlat va aholi, davlat va biznes hamda davlat tuzilmasining ichki munosabatlarida byurokratiyani bartaraf etish, har tomonlama qulay davlat xizmatlari ekotizimini yaratishni nazarda tutadi.
– Pirovard maqsadimiz – 2030 yilga qadar O‘zbekistonni ortiqcha byurokratiyadan xoli bo‘lgan hududga aylantirishdan iboratdir, – dedi Prezident.
Dastur doirasida 2030 yilga qadar amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi. Jumladan, davlat xizmatlari soni 1,5 mingtaga, elektron xizmatlar ulushi 95 foizga yetkaziladi. Kelgusi yilning o‘zida 250 ta xizmatlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Masalan, avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish kabi xizmatlardan elektron foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi O‘zbekistonda “Qog‘ozsiz hukumat” tizimiga to‘liq o‘tilib, qog‘oz aylanmasidan butunlay voz kechiladi. Mavjud 40 million hujjatlardan 25 millioni, shundan keyingi yilning o‘zida 5 millioni raqamlashtiriladi.
Proaktiv va kompozit xizmatlarning soni 400 taga yetkaziladi. Kelgusi yilning o‘zida 180 turdagi bunday xizmatlar joriy etiladi.
– Natijada fuqaro murojaat qilmasdan unga xizmat ko‘rsatiladigan tizimga o‘tamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, barcha davlat xizmatlari xatlovdan to‘liq o‘tkaziladi. Bunda bir-birini takrorlovchi, keraksiz, fuqarolarga yuk bo‘layotgan talablar bekor qilinadi.
Litsenziya va ruxsatnomalar berish, kommunal tarmoqlarga ulanish, qurilish sohasida 300 dan ortiq davlat xizmatlari soddalashtiriladi. Masalan, 4 ta kommunal tarmoqqa yagona ariza asosida ulanish imkoniyati yaratiladi.
Xizmat ko‘rsatish muddatlari keskin qisqartiriladi hamda ortiqcha hujjat va ma’lumotlar talab qilish bekor qilinadi.
100 dan ziyod davlat xizmatlarining ko‘rsatish muddatlari 50 foizga qisqaradi. 110 dan ortiq ma’lumot va hujjatlar talab qilish to‘liq bekor qilinadi.
Davlat xizmatlari portali, “Litsenziya” tizimi, “Yagona darcha” bojxona platformasi va koll-markazlar to‘liq sun’iy intellekt asosida ishlashga o‘tadi.
Har yili vazirlik va idoralar faoliyati maxsus raqamli platforma orqali baholanadi. Eng yaxshi natijaga erishgan idoralar va xodimlarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.
Dastur natijadorligini doimiy ravishda monitoring qilish, vazirlik va idoralarning byurokratiyani qisqartirishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish uchun alohida Dastur ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Aholi va biznes vakillari uchun dasturga qo‘shimchalar va yangi tashabbuslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritish, shu bilan birga, ular tomonidan vazirlik va idoralarning dastur doirasidagi faoliyatini baholash imkoniyati yaratiladi. Buning uchun 3 million dollar miqdorida mukofot jamg‘armasi tashkil etiladi.
Ushbu jamg‘arma hisobidan byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha yangi tashabbus bilan chiqqan aholi, biznes vakillari hamda davlat xizmatchilari alohida pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etiladi.
– Byurokratiyani bartaraf etish – davlatning xalqqa xizmat qilishga qaratilgan ustuvor vazifasidir. Biz birgalikda shunday tizimni yaratishimiz kerakki, fuqaro davlat idorasiga emas, davlatning o‘zi har bir fuqaroning oldiga borishi va muammosini hal qilishi lozim. Bu – Yangi O‘zbekiston davlat boshqaruvining zamonaviy va insonparvar qiyofasi bo‘lishi zarur, – dedi Prezidentimiz.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, Byurokratiyani bartaraf etish dasturini ishga tushirdi.
Ochilish marosimidan so‘ng Prezidentimiz forum mavzusi, ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati haqida jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi. Yurtimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgani, byurokratiyani bartaraf etish zamirida har bir qaror, har bir xizmat, har bir jarayon faqat inson manfaatiga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.