Qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etiladi

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Muhokama jarayonida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Qonun bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida” va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizasiya yig‘imini joriy etishni belgilovchi norma kiritilmoqda. Milliy statistika qo‘mitasining nomi va huquqiy maqomi o‘zgartirilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun qurilish oynasi sanoatini rivojlantirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitni o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan qurilish oynasidan hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish va qayta ishlash bilan bog‘liq faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qonun bilan rasmiy statistika sohasidagi ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyati takomillashtiriladi. Foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
N.Abduraimova,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA