O‘zbekiston raqamli taraqqiyot va sun’iy intellekt rivoji yo‘lida yangi sahifa ochmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkka tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Ikki yil oldin 200 million dollar investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.
Bu yerda mutaxassislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, istiqbolli startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot hamda moliyaviy texnologiyalari, logistika, elektron tijorat, elektron ta’lim, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda “IT-Park” rezidentlari soni 3 ming 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili rezidentlar tomonidan 1 milliard 600 million dollarlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Eksport hajmi esa ilk bor 1 milliard dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ortiq yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
– Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qo‘yilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Loyihaga ko‘ra, “IT-Park” hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo‘lgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.
Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek, servis va savdo markazlari quriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan “Sun’iy intellekt xabi”ga aylanadi.
Davlatimiz rahbari kapsula qo‘yib, “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Yil boshida 2030 yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatmoqda.
– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekistonda ham sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.
O‘tgan yili Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Raqamlashtirish vazirligida bu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.
Natijada bir yil ichida mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarini raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtni o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi. Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.
Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantirish va dunyoda sun’iy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadr tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super-kompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish uchun yetadi.
Shu bois, zamonaviy super-kompyuter klasterlari va data-markazlarni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Bu yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshiriladi.
Sohaga investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun Qoraqalpog‘istonda imtiyozli rejim joriy qilinishi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq qilinadi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi.
Shu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan “sputnik internet” operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.Ular besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Vazirlik va idoralardagi ma’lumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularni formatlari turlicha bo‘lgani sun’iy intellektni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha ma’lumotlar bazalarini yagona data-markaziga o‘tkazish topshirildi.
– Sun’iy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, o‘zbek tilini mukammal darajada tushunishi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish zarurligi qayd etildi.
Prezident sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlashni, eng avvalo, maktablardan boshlash kerakligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.
Yoshlarning sun’iy intellektdan foydalanishga doir g‘oyalarini aniqlash va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi kengaytiriladi va bu bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim tashkilotlari munosib rag‘batlantiriladi.
Yig‘ilishda oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish choralari ham belgilab olindi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Oliygohlarda sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, kiber-xavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi.
Talabalarni sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida har bir hududda oliygohlar jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi. Mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovi o‘tkaziladi.
Umuman, sohani rivojlantirish borasida yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida Sun’iy intellekt alyansini tuzish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev IT-parkka tashrif chog‘ida sun’iy intellekt texnologiyalarini mamlakatimiz vazirlik va idoralari faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng tatbiq etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi.
Bugungi kunda dunyoda sun’iy intellekt iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik kabi yo‘nalishlarda asosiy tayanch vositaga aylanmoqda. Ushbu texnologiyalar davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish hamda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash imkonini bermoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishda tizimli islohotlar amalga oshirilib, natijada mamlakatimiz sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha yuqori natijalarga erishmoqda.
Prezident bu yutuqlar sohada qo‘yilgan ilk qadamlar samarasi ekanini ta’kidladi. Oldinda esa yana keng ko‘lamli vazifalar turgani aytildi. Shu bois sun’iy intellektni rivojlantirishga oid loyihalarni e’tibordan chetda qoldirmaslik, ilg‘or tashabbuslarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, samarador tajribalarni keng qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sun’iy intellektni tez va barqaror rivojlantirish uchun xorijiy va mahalliy tajribalarni doimiy tahlil qilish, sohada faoliyat yuritayotgan yoshlarimiz, xalqaro ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Bu yo‘nalish rivojining eng muhim omili malakali kadrlar tayyorlash ekanligi qayd etildi.
Kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida bir qator innovatsion dasturlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Universitet – sanoat – xalqaro hamkorlik” sun’iy intellekt klasteri loyihasi taqdimot qilindi. Bu tashabbus doirasida o‘quvchilarda sun’iy intellekt savodxonligini oshirish, pedagog kadrlarning malakasini yuksaltirish, sohaviy darsliklarni ishlab chiqish va sanoat uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlash ishlari belgilangan.
Shuningdek, taqdim etilgan “AI Maktab” platformasi esa yoshlarni raqamli ko‘nikmalar hamda zamonaviy kasblarga o‘rgatishga qaratilgan. Platforma orqali ishtirokchilar virtual yordamchi, raqamli marketolog, AI-kontent yaratuvchi, biznes-analitik kabi o‘nlab yo‘nalishlarda masofaviy ta’lim oladi.
Prezident ushbu tajribani kengaytirish, muhim sohalar rivojiga yoshlarning ilmiy salohiyatini jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy-o‘quv laboratoriyalarini tashkil etishdan kutilayotgan natijalarga e’tibor qaratildi. Tijorat banklarida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Yaqin istiqbolda bunday ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni oliy ta’lim muassasalarida keng yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarimizning “PromptLab”, “Detecting-AI.com” va “KotibAI” kabi innovatsion loyihalari bilan ham tanishdi.
E’tiborlisi, bu kabi dastur va ilovalar kichik jamoalardan tortib yirik kompaniyalargacha ish samaradorligini oshirish, daromad manbalarini kengaytirish va intellektual mehnatni yengillashtirishda katta imkoniyat yaratmoqda. Bugungi kunda ushbu mahalliy ishlanmalar moliya muassasalari, qurilish sohasi hamda ijodiy jamoalar faoliyatida qo‘llanilayotgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan chora-tadbir va loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. Sun’iy intellektni joriy etish jarayonlarini yanada jadallashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari