Prezident Shavkat Mirziyoyev tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga ham alohida to‘xtaldi

Jumladan, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligi aytildi. O‘zbekiston Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirmoqda.
So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi.
Yana bir muhim muammo – bu suv resurslarining taqchilligidir. Hozirda dunyo aholisining ikki milliarddan ortig‘i toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
–Biz mamlakatimizda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash mo‘ljallanmoqda.
Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Afsuski, ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz, – dedi Prezidentimiz.
O‘zA