Tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi

171

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayevning Nukus shahri, Taxiatosh, Xo‘jayli va Nukus tumanlaridagi tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammo va takliflar bo‘yicha sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi dastlab Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, investitsion jozibadorlikni oshirish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlari asosida yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va  raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali hududga investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, tadbirkorlarning takliflarini bevosita o‘rganish asosida kelgusi yetti yilda rivojlantirishning belgilangan pirovard natijalariga erishish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi respublika ishchi guruhi tarkibi, shuningdek, tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Qabulda tadbirkorlar tomonidan asosan o‘z biznesini rivojlantirish borasida duch kelayotgan muammolar, byurokratik to‘siqlar, moliyalashtirish va kredit ajratish masalalari, kadastr, qurilish, yer ajratish borasidagi  murojaatlar bildirildi.  Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan bu murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.