Ilmiy salohiyatli yoshlar – yurt kelajagi

251

Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 14 fevral kuni yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va ilmiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib, joriy yilga muhim vazifalar belgilab berildi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’limga qaratilayotgan alohida e’tibor va yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda 10 ta davlat va 2 ta nodavlat oliy o‘quv yurti faoliyat yuritmoqda, –  deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bayram Otemuratov. – Ularda qariyb 69 mingdan ziyod talaba-yoshga 2 ming nafardan ortiq professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.

Oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlarning ilmiy-innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni muvaffaqiyatli startap loyihalarga aylantirish, bugungi kunda e’lon qilinayotgan “Bo‘lajak olim”, “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” va boshqa tanlovlarda ishtirok etish mezonlari bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda. Har yili talaba-yoshlar o‘rtasida ularning startap loyihalari bo‘yicha “Eng yaxshi ixtirochi,” “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni kabi tanlovlar tashkil etilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalarida doktorantlar, tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar faoliyatini olib borish uchun Axborot-resurs markazlarida ilmiy adabiyotlar, avtoreferatlar hamda “Scopus”, “Web of Science”, “EBSCO”, “Springer Nature” va boshqa xorijiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Bu yaratilgan imkoniyatlardan doktorantlar, tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar faol foydalanmoqda.

2023-2024 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlarini jami 698 nafar  nafar magistr bitirgan bo‘lsa, shundan 326 nafari oliy ta’limdan keyingi ta’lim, ya’ni tayanch doktoranturaga o‘qishga qabul qilindi. Bu yilgi o‘quv yilida 1 ming 456 nafar talaba-yoshning bitirishi kutilmoqda.

Oliy o‘quv yurtlarida talaba-yoshlarning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga yaqindan ko‘maklashish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tegishli ixtisoslik kafedralari huzurida 289 ta to‘garak tashkil etilgan. 2024 yilda oliy o‘quv yurtida olib borilgan ilmiy-amaliy ishlar natijasida 8 ta patent olingan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon 5 ta patent olindi. Bugungi kunda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti va Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiallarida Ilmiy kengashlar tashkil etilgan.

Talaba-yoshlar orasida iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, talaba-yoshlarning qobiliyatini yanada rivojlantirish maqsadida mutaxassislik fanlari bo‘yicha “Rektor kubogi” olimpiadasi tashkil etilgan. 2024 yilda qoraqalpog‘istonlik 2 nafar talaba “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali Kompyuter injiniringi fakulteti sun’iy intellekt mutaxassisligi 2-kurs talabasi Arman Orazov “Bo‘lajak olim” tanlovida o‘zining “Smart Brayl” startap loyihasi bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Xulosa qilib aytganda, Orolbo‘yida yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va ilmiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha barcha mas’ul rahbarlar bilan birgalikda bilim hamda imkoniyatlar to‘liq safarbar qilinmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.