Yangi binoda ijod qilish yanada zavqli
Jahon matbuoti erkinligi kuni arafasida Nukus shahrida “Nókis FM” radiosi va “Jaslar TV” telekanalining yangi binosi ochildi.
Ochilish tadbirida so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlab, ijodiy jamoani yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan milliy jurnalistikamizni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkinlashtirish, xususan nodavlat teleradiokanallarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2009 yil 5 sentyabrda Orolbo‘yida birinchi xususiy “Nókis FM” radiokanali Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, marhum Baxitbek Yelmanov tashabbusi bilan ishga tushirilib, tinglovchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. Radioeshittirishlar dastlab atigi 40 km diapazonga yetkazilgan. Lekin shunga qaramasdan efir 24 soat davom etgan. Vaqt o‘tib, 70 km diapazonda Mo‘ynoq 109, Qo‘ng‘irot 101,5 to‘lqinlarida ishga tushdi. 2019 yildan boshlab esa radio Qo‘ng‘irot 101,5, Mo‘ynoq tumani 101,9, 2023 yilning 13 martidan Beruniy tumani 98,6, 13-apreldan Taxtako‘pir tumanida 92,3 to‘lqinida o‘z eshittirishlarini uzatishni boshladi. Qayd etish lozim, eng avvalo, radio boshlovchilari “Vodiy sadosi”, “Grand” radiokanallarida tajriba oshirib qaytdi.

2018 yil 21 yanvarda Baxitbek Yelmanov tomonidan “Nókis FM” radiosi qoshida “Jaslar TV” telekanali ochildi. Bugungi kunda radioda qoraqalpoq tilida “Start FM”, “Musiqa top”, “So‘z sandig‘i”, “Supermarket”, “Bir harf olti so‘z”, “Oqshom balladasi” kabi ko‘ngilochar va musiqiy eshittirishlar, “Qoraqalpog‘iston onlayn” axborot dasturi, o‘zbek tilida “Everest” va rus tilida “FM priveti” eshittirishi muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil “Nókis FM” radiosi tashkil etilganiga 16 yil bo‘ldi.

“Nókis FM” radiosi va “Jaslar TV” telekanali eng avval “Life Nukus FM” loyihasini, “Jaslar TV” telekanali orqali “Musiqiy oqshom” dasturini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

“Jaslar TV” telekanalida yildan-yilga o‘z ko‘rsatuvlari sonini ko‘paytirib, aholiga ma’naviy oziq berib kelayotgan, ularni ezgulikka undaydigan videomateriallar tayyorlab kelmoqda. Tomoshabinlar taklifiga ko‘ra, 2023 yilda Beruniy va Taxtako‘pir tumanlari aholisi uchun ham telekanalni ko‘rish imkoniyati yaratildi. Ayni paytda telekanalda “Qoraqalpog‘iston onlayn” axborot dasturi, “Dasturxon”, “Osh bo‘lsin”, “Shifokor”, “Yoshlar Life”, “Mening mahallam”, “Yulduzlar haqida”, “Salom yoshlar”, “Mening tengdoshim”, “Muqaddas ayol”, “Yulduzcha” ko‘rsatuvlari va “Jonli studiya” to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilib, xalqimiz qalbidan chuqur joy olib kelmoqda
Ijodiy guruh a’zolari 2018 yilda Deutsche Welle akademiyasi hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tomonidan ommaviy axborot vositalarining marketolog, prodyuser va jurnalistlariga “Media menejment asoslari”, 2023 yilda Xitoy Xalq Respublikasida, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “Intervyu tur”, 2019 yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan O‘rta Osiyo jurnalistlari forumida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan nodavlat teleradiokanallar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “Ozod yurt to‘lqinlari” media-festivalida “Nukus FM” radiosi “Eng namunali radiostansiya” nominatsiyasida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, “UZBEKISTAN MEDIA AWARD – 2021” ijtimoiy media mahsulotlar tanlovida “Jaslar TV” telekanalining “Eng yaxshi kun” ko‘rsatuvi “Yilning eng kreativ ko‘rsatuvi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
2016 yilda radio boshlovchi Ulbog‘an Yerimbetova “Oltin qalam” milliy mukofotini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 2023 yilda teleradiokanal muharriri Ilhom Atamuratov “O‘zbekiston Milliy media birlashmasining 20 yilligi” esdalik nishoni, jurnalist Muxtor Umbetov “UZBEKISTAN MEDIA AWARD – 2021” ijtimoiy media mahsulotlar tanlovida “Eng faol radio-jurnalist” nominatsiyasi, 2022 yili radio-boshlovchi Islom Satullayev “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni, 2023 yili radio-boshlovchi Farid Orinbayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Faxriy yorlig‘i, 2024 yilda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida “Jaslar TV” telekanali va “Nukus FM” radiosi direktori Minayim Palo‘anova “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
– O‘tgan yili Xitoy davlatiga borib kelganimizdan so‘ng chala bitgan binoni kapital ta’mirlash va telestudiyani zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash uchun “Hamkorbank”dan 300 million so‘m kredit olib, qurilish ishlarini olib bordik. Bizlarga yaratib bergan bunday qulay imkoniyat uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman, – deydi “Jaslar TV” telekanali va “Nukus FM” radiosi direktori Minayim Palo‘anova.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda ijodiy jamoa uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.