Bektemir Meliqo‘ziyev Saul Alvares bilan to‘qnash kelishi mumkinmi?

Butunjahon boks assotsiatsiyasi(WBA) professional boksning eng o‘rta vazn toifasida jang olib borayotgan hamyurtimiz, “Rio-2016” sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyevning navbatdagi jang sanasi va raqibini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, mahoratli bokschimiz joriy yilning 30 may kuni AQSHning Las-Vegas shahrida tashkil etiladigan prof boks oqshomida amerikalik Daryus Fulgxem bilkan ro‘baro‘ kelishi belgilandi. WBA eliminator maqomida o‘tkaziladigan mazkur qarama-qarshilik g‘olibi keyingi jangida aynan chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishi nazarda tutilsa, Bektemir WBA Super kamari sohibi Saul Alvares yoki chempionlikka vaqtincha egalik qilayotgan Kaleb Plant shuningdek, WBA Gold sohibi Uvel Ernandes bilan to‘qnash kelishi ehtimoldan yiroq emas. Buning uchun Meliqo‘ziyev Fulgxemni tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Ta’kidlash lozimki, professional boksning ushbu yo‘nalishi va vaznida ayni paytda meksikalik Saul Alvares Kanelo eng kuchli bokschi sanaladi. Afsonaviy Konelo bilan jang qilish istagi ko‘plab charm qo‘lqop ustalari xayolini o‘g‘irlagani bor gap. Shunday vaziyatda Meliqo‘ziyev – Saul Alvares “dueli” ro‘y berishi hamyurtimizning 30 maydagi harakati qay darajada kechishiga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 29 yoshli Meliqo‘ziyev professional boksda 16 ta jangda qatnashib, 15 g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyatga erishgan. Daryus esa 14 ta jang o‘tkazib, barchasida zafar quchgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA