“Real”, “Arsenal”, “Borussiya D”, “Aston Villa” YeCHLdagi yurishini davom ettiradi

210

Yangicha formatda davom etayotgan Yevropa chempionlar ligasi qizg‘in pallaga kirdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak tundagi o‘yinlardan so‘ng YeCHL chorak finaliga yo‘l olgan jamoalar nomi aniq bo‘ldi.

YeCHL nimchorak finali doirasidagi “Lill” – “Borussiya D” o‘rtasidagi o‘yin 1:2 hisobida yakunlandi. “Borussiya D” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra chorak final ishtirokchisiga aylandi. “Borussiya D” yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yinda “Barselona” bilan kuch sinashadi.

Mazkur bosqichning markaziy o‘yinida Madrid shahrining ikki jamoasi – “Atletiko” va “Real” klublari o‘zaro to‘qnashdi.

Uchrashuvning 1-daqiqasidayoq mezbonlar vakili Konnor Gallaher hisobni ochdi. 70-daqiqada esa “Real” javob golini urishi mumkin edi, biroq Vinisius Junior 11 metrlik jarima zarbasini yo‘qqa chiqardi. Shu tariqa asosiy vaqtda hisob o‘zgarmadi. “Real” o‘z maydonida o‘tgan ilk uchrashuvda 2:1 hisobida g‘alaba qozongani bois, javob o‘yini yakuniga ko‘ra hisob tenglashibdi va jamoalar qo‘shimcha 15 daqiqadan ikki bo‘lim o‘ynadi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda ham hisob o‘zgarmadi va jamoalar penaltilar seriyasiga taklif etildi. Unda “Real“ 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, penaltilar seriyasida “Atletiko” hujumchisi Xulian Alvaresning goli VAR ko‘rigidan so‘ng to‘pga ikkita teginish borligi sababli bekor qilindi.

Shu tariqa, “Real” Chempionlar ligasi chorak finaliga yo‘l oldi va “Arsenal” bilan navbatdagi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradigan bo‘ldi.

Endi esa mazkur uchrashuvga oid ajoyib faktlar va rekordlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Dastlab, “Atletiko” yarim himoyachisi Konor Gallaherning goli haqida. Ushbu o‘yinchi uchrashuvning 27-soniyasida “Real” darvozasini ishg‘ol qildi va bu gol ushbu mavsumdagi eng tezkor gol sifatida tarixda qoldi. Shuningdek, Konorning goli, Chempionlar ligasi tarixida ingliz futbolchilari hamda “Atletiko” jamoasi uchun turnir tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

Har mavsum turli g‘alabalar bilan o‘zgacha rekordlar qayd etishga o‘rganib qolgan “Real” bu safar ham o‘z an’anasiga sodiq qoldi. Gap shundaki, “Qirollik klubi” Chempionlar ligasi chorak finaliga 40 marta chiqqan ilk jamoaga aylandi. “Qaymoqranglilar” ortda qolgan besh mavsum davomida chorak finalga muntazam chiqmoqda va bu davr mobaynida ikki marta turnirda bosh sovringa ega chiqdi.

“Real” Yevropa chempionlar ligasi va kubogi tarixida penaltilar seriyasida eng ko‘p g‘alaba qozongan jamoa sifatida ham e’tirof etilmoqda. Klub o‘tgan vaqt mobaynida to‘rt marta penaltilar seriyasida g‘alaba qozongan yagona jamoa hisoblanadi.

YeCHL nimchorak finalidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuvlardan biri “Aston Villa” va “Bryugge” o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar 3:0 hisobida zafar quchdi. Mazkur bosqichdagi “Arsenal” – “PSV” klublari o‘rtasidagi javob o‘yini 2:2 hisobida yakunlandi va London shahri jamoasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 9:3 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi.

Liganing 1/8 final bosqichi yakunlariga ko‘ra, kutilganidek chorak finalga Angliya, Ispaniya va Germaniyadan ikkitadan jamoa yo‘l oldi. Italiya va Fransiyadan esa bittadan klub ushbu bosqichga chiqdi.

Musobaqaning chorak finalida “PSJ” — “Aston Villa”, “Arsenal” — “Real”, “Barselona” — “Borussiya D” va “Bavariya” — “Inter” klublari o‘rtasidagi bahslarga guvoh bo‘lamiz. Ushbu uchrashuvlar 8 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Javob o‘yinlari esa 15 aprelda o‘tishi belgilangan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA