Belarus konsalting kompaniyasi bilan hamkorlik

Jahon bankining mablag‘i hisobiga O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar uchun zamonaviy laboratoriya jihozlarini xarid qilish, shuningdek, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida veterinariya klinikasi va vivariy qurilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu muhim loyiha veterinariya va chorvachilik sohasining raqobatbardoshligini oshirish, talabalarga amaliyotlar va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Klinika va vivariy uchun zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta’minlash va texnik xususiyatlarni tayyorlash maqsadida tender asosida Belarus Respublikasidan “Strategik va iqtisodiy rivojlanish agentligi” (ASER) konsalting kompaniyasi tanlab olingan. Mazkur konsalting kompaniyasining mutaxassislari Aleksandr Napыlov hamda Alena erbakova Samarqand davlat meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga tashrif buyurdi.

Tashrif avvalida konsalting kompaniyasi vakillari filial rahbariyati bilan loyiha doirasidagi qurilish ishlari, zarur bo‘lgan laboratoriya jihozlari va texnik talablar masalalariga oid fikrlar almashildi. Suhbat davomida, veterinariya klinikasi va vivariyni zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq ravishda qurish va ularni yuqori samaradorlikka ega asbob-uskunalar bilan ta’minlash muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, klinika va vivariyning ishlash samaradorligini oshirish uchun ularning texnologik jihozlari, eng so‘nggi innovatsion yechimlar va yuqori texnologik standartlarga javob beradigan usullar bilan jihozlanishi zarurligi ta’kidlandi. Bu holat, talabalarning amaliyot va tadqiqot ishlarini samarali amalga oshirishda katta ahamiyatga ega bo‘lib, yuqori natijalarga erishishga imkon yaratadi.
Olib borilgan muloqotdan so‘ng, konsalting kompaniyasi vakillari filialdagi mavjud o‘quv laboratoriyalarini ko‘zdan kechirib, ularning ishlash jarayonini va o‘rnatilgan jihozlarni ko‘zdan kechirdi. Natijada, klinika va vivariyning qurilishi uchun zarur jihozlarga bo‘lgan aniq talablar belgilab olindi.
Loyiha doirasida veterinariya klinikasi va vivariyning zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanishi, nafaqat Nukus shahrida, balki butun respublika bo‘yicha veterinariya va chorvachilik sohasini rivojlantirishga yangi qadam bo‘ladi.
Belarus Respublikasidan kelgan konsalting kompaniyasi mutaxassislarining tashrifi loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishini ta’minlash va veterinariya sohasining rivojlanishi yo‘lidagi muhim qadamlarni belgilashga amaliy yordam beradi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri