Biznesni rivojlantirish banki: joriy yilda 115 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtiriladi

251

AOKAda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda qayd etilishicha, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida Biznesni rivojlantirish banki tomonidan 17 ming 676 nafar tadbirkorga 1 trln. 737 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Ko‘rsatilgan moliyaviy ko‘maklar natijasida o‘zini-o‘zi band qilgan 18 288 nafar jismoniy shaxslardan 12783 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va 5 505 nafari yuridik korxona maqomini oldi.

Dasturda ishtirok etgan 16 738 ta yakka tartibdagi tadbirkorlardan 1 100 nafari mas’uliyati cheklangan jamiyat sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Joriy yilda bank tomonidan barcha manbalar hisobidan 10 trln. 400 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratish reja qilingan. Jumladan, “Biznesga birinchi qadam” mahsuloti orqali 300 mlrd. so‘mdan ortiq, “Mahallada biznes” mahsuloti orqali 150 mlrd. so‘mdan ortiq kredit ajratish maqsad qilingan.

– Mahallabay ishlash tizimi doirasida 279 ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Bunda 115 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtiriladi va 164 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilinadi, – dedi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB bosh direktori Bekzod Fozilov. – Joylarda 1 ming 300 ta uchrashuvlar o‘tkazilib, 25 ming 900 ta mikroloyihalar amalga oshiriladi va dasturlar doirasida 1 trln. 400 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratish ta’minlanadi. “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonbay ishlash tizimi orqali har bir mahalladagi xonadonlarga jami 3 992 ta moliyaviy paketlar, shu jumladan, 21 ming 800 ta mikroloyihalar amalga oshirilib, 672 mlrd. so‘m kredit ajratildi. Natijada 40 102 nafar aholi bandligi ta’minlandi. “Uychi tajribasi” asosida 2024 yilda 608 ta uchrashuvlar o‘tkazilib, 6 900 ta murojaatlar ko‘rib chiqildi va hal qilindi. Buning natijasida 12 600 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. O‘tgan yilda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 18 866 nafar ayolga 919 mlrd. 800 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. “Biznesni rivojlantirish banki”ga biriktirilgan mahallalarda 1868 nafar ayol tadbirkorlarga 122 mlrd. 900 mln. so‘m miqdorida bank krediti yo‘naltirildi.

Buning samarasi o‘laroq, 3 862 ta yangi ish o‘rinlari vujudga keldi. 2024 yil davomida bank tomonidan ajratilgan kreditlar tarmoqlar kesimida sanoatga 1 trln. 105 mlrd. 87 mln. so‘m, qishloq xo‘jaligiga 420 mlrd. 57 mlrd. so‘m, qurilish sohasiga 556 mlrd. 42 mln. so‘m, savdo va umumiy ovqatlanishga 1 trln. 67 mlrd. 61 mln. so‘m, transport va kommunikatsiya sohasiga 77 mlrd. 48 mln. so‘m, boshqa sohalarga 1 trln. 384 mlrd. 49 mln. so‘mni tashkil etdi. Umuman olganda, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan 2024 yilda 7 trln. 300 mlrd. so‘m kredit ajratildi.

Matbuot anjumanida bank 2025 yilda o‘z oldiga yanada yuksak marralarni qo‘ygani qayd etildi. Bank kelgusida ham zamonaviy xizmatlarni ko‘rsatish, kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali xalqimiz va mijozlar ishonchini qozonishga intiladi. 2024 yilning 16 dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlar asosida bank biznesni moliyalashtirish va aholini kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan ishlarni yanada faollashtirmoqda. Xususan, respublika bo‘yicha 229 ta “Mahalla bankiri” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida “Mahallada biznes” va “Mahalla bankiri” kredit mahsulotlari ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

– Joriy yilda bank tomonidan barcha manbalar hisobidan 10 trln. 400 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratish reja qilingan, – deydi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB departament bosh menejeri Sherzod Omonov. – Jumladan, “Biznesga birinchi qadam” mahsuloti orqali 300 mlrd. so‘mdan ortiq, “Mahallada biznes” mahsuloti orqali 150 mlrd. so‘mdan ortiq kredit ajratish maqsad qilingan. Mahallabay ishlash tizimi doirasida 279 ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Bunda 115 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtiriladi va 164 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilinadi. Joylarda 1 300 ta uchrashuvlar o‘tkazilib, 25 900 ta mikroloyihalar amalga oshiriladi va dasturlar doirasida 1 trln. 400 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratish ta’minlanadi. Shuningdek, tashqi manbalardan 357 mln. AQSH dollari miqdoridagi xorijiy sarmoya jalb qilinadi. Bank tomonidan 2025 yil davomida ajratiladigan kreditlar 7 trln. 700 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Shundan, investitsiya loyihalarni moliyalashtirishga 510 mlrd. so‘m, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 1 trln. 483 mlrd. 700 mln. so‘m, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga 5 trln. 736 mlrd. 500 mln. so‘m ajratiladi.

Tadbirda qayd etilishicha, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bankda mijozga yo‘naltirilgan “Mikro, kichik va o‘rta biznesga xizmat ko‘rsatishning yangi operatsion modeli”ni ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Hozirda OTBning “Inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish – moliyaviy vositachilik” dasturi doirasida bankka 50 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu kredit liniyasi ochilsa, bankning kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashdagi moliyaviy imkoniyatlari yanada oshadi.

Shahnoza Mamaturopova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA