Deputat xalq orasida

222

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Alisher Djumanazarov Nukus tumani mahallalarida bo‘lib, saylovchilari bilan uchrashdi. Unda sektor rahbarlari, nuroniylar, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mahalla yettiligi a’zolari va hudud aholisi ishtirok etdi.

Uchrashuvlar davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, qonun, farmon va qarorlarning mazmun va ahamiyatiga, jumladan, Qoraqalpog‘iston uchun berilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, partiyaning saylovoldi dasturida ilgari surilgan tashabbuslar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Aholining 30ga yaqin murojaati va ko‘p yillardan beri yechimini kutib turgan masalalar o‘rganildi.

Xususan, deputat “Taqirko‘l” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Kalmen” ovulida yashovchi Quralbay og‘a Usenov bilan suhbatlashganda, hududdagi 300 metr oraliqdagi ichki yo‘llar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani bois, aholi va yo‘lovchilar yomg‘irli kunlarda aziyat chekayotgani to‘g‘risida e’tiroz bildirdi. Deputat tegishli tashkilot vakillari bilan suhbatlashib, muammo tez kunlarda o‘rganib chiqilib, ijobiy yechilishiga kelishib olindi.

“Samanbay”ovul fuqarolar yig‘ini aholisi bolalar maydonchasi qurib berishga ko‘mak so‘ragan bo‘lsa, “Dehqon arna” mahalla fuqarolar yig‘ini  aholisi hududda maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘qligi masalasi bilan murojaat qildi. Aniqlangan muammolarning ba’zilari joyida yechim topdi, qolganlari deputatlik so‘rovlari orqali bartaraf etiladigan bo‘ldi.

Alisher Djumanazarovning “Namunali makon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uchrashuvi ham har tomonlama samarali bo‘ldi. Uchrashuv davomida ushbu hududda yashovchi fuqaro Maxset Sapashovning elektr ta’minoti bilan bog‘liq murojaati deputat ko‘magi bilan joyida hal etildi.

Muloqotlarda aholi va jamoatchilik vakillari so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar har bir insonning kundalik hayotida sezilayotganligini, odamlarning yashash sharoiti yaxshilanganini qayd etdilar. Shuningdek, deputat mahallada joylashgan 19-sonli umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Azat Tashpolatov bilan suhbatlashganda maktab atrofini ko‘kalamzorlashtirish hamda ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun suv manbai yo‘qligini bildirdi. Xalq vakilidan maktabga artezian qudug‘i qazdirib, suv nasosi olib berishga amaliy yordam so‘radi.

Deputat tomonidan mahalla mas’ullari va boshqa mutasaddilar bilan birgalikda muammolar o‘rganilib, hal qilish bo‘yicha choralari belgilandi. O‘z navbatida mavjud muammolar yuzasidan tuman va respublika mutasaddilari bilan yechimini topish hamda tegishli tashkilotlarga deputat so‘rovi yuborish rejalashtirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri