Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida tarixiy chegara shartnomasi imzolandi

340

Bishkekda qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjat Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov tomonidan imzolandi. Bu haqda “AKIpress” nashri xabar bermoqda.

Ala-Archa davlat qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bir qator hujjatlar — Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma va hukumatlar o‘rtasida energiya ob’ektlari va suv resurslari bo‘yicha kelishuv, shuningdek, chorrahalardagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish va yangi yo‘llarni qurish to‘g‘risidagi bitim tayyorlangan.

– Bugun qirg‘iz va tojik xalqlari uchun alohida tarixiy kun, -dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev o‘z nutqida. – Biz qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha yakuniy protokolni imzoladik. Hujjatlarni endi ikki mamlakat rahbarlari imzolashi kerak.

O‘z navbatida, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi parafirlangan shartnoma eng muhim tarixiy hujjat ekanligini ta’kidladi.

– Juda murakkab ish mantiqiy yakuniga yetkazildi, -dedi u. – Kelishuv amalga oshsa, ikki qardosh respublika o‘rtasidagi chegara muammosi bo‘yicha yuz yillik bahsga nuqta qo‘yiladi. Bu tarixiy hujjatlar xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladi.

O‘.Alimov, O‘zA