Fuqarolarning bank omonatlarini kafolatlashda yangi tizim (+video)

281

Bugungi kunda fuqarolarimizning banklardagi jami depozitlari 308.7 trln so‘mni tashkil qilmoqda. Shundan jismoniy shaxslarning omonatlari 122.4 trln so‘m, yuridik shaxslarning depozitlari 186.3 trln so‘m bo‘lib, fuqarolarning banklardagi pullari qonunlar bilan kafolatlangan.

2025 yil “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun (O‘RQ-1031-son) qabul qilinishi bilan bu boradagi tartib biroz o‘zgarmoqda. Ushbu huquqiy hujjat jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning banklardagi omonatlarini himoya qilishni kafolatlashda jahon standartlari tadbiq qilinyapti. Omonatlarni kafolatlash agentligi tashkil etilmoqda. Shu va ushbu sohadagi yangiliklar xususida Markaziy bankning bosh mutaxassisi Fazliddin Bo‘ronov bilan suhbatlashdik.

– Ushbu yangi qonunni ishlab chiqishning zarurati nimada edi?

– So‘nggi yillarda mamlakatimizda bank tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bizni bu islohotlarimiz 2017-2018 yildan boshlangan. Ya’ni, dastlabki bosqichda biz O‘zbekiston Respublikasining  “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi,  “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarini ishlab chiqib, qabulqilganmiz.

Undan tashqari bank nazorati bo‘yicha bir qator yangi qonunosti hujjatlar ishlab chiqildi. Amaldagi qonunchilik xalqaro standartlarga, xususan, “Bazel” standartlariga muvofiqlashtirildi.

«Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi yangi  qonun ham mana shu amalga oshirib kelinayotgan islohotlarning uzviy davomi hisoblanadi.

Bundan tashqari2020 yilda qabul qilingan “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonda mana shu omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish bo‘yicha topshiriqlar belgilangandi.

Mazkur qonunni ishlab chiqishdan oldin  juda ko‘p tahlillar, o‘rganishlar o‘tkazganmiz va xalqaro amaliyotlar o‘rganilgan.

Sanjar Toshpo‘latov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA