Katta taassurotlarga boy safar

295

2024 yil iyun oyida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talaba-yoshlaridan tarkib topgan “Kelajak yoshlari” jamoasi Yevropaga sayohat safari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

2025 yil yanvar oyida filialning talabalari Germaniyaning Berlin shahrida 10 kunlik safarni amalga oshirib, barqaror qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Yevropa tajribasi bilan tanishib, bilimlarini oshirib qaytdi. Talabalarning Germaniyaga o‘quv safari Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (EU-AGRIN) loyihasi tomonidan amalga oshirildi.

Safarning dastlabki kunida talaba-yoshlar Berlinda har yili yanvar oyida o‘tkaziladigan “Xalqaro yashil haftalik” (International Green Week) xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, uch kun davomida turli mamlakatlardan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi. Bu yilgi tadbirda 61 ta mamlakatdan 1 ming 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, ko‘rgazma doirasida seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar orqali oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasiga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

– “Xalqaro yashil haftalik” ko‘rgazmasi men uchun haqiqatan ham bilim va tajriba almashish maydoni bo‘ldi. Ushbu tadbir bizlarga oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi qarashlarni ko‘rsatdi. Men ta’lim olayotgan mutaxassisligim uchun orttirgan tajribalarim juda katta ahamiyatga ega deb o‘ylayman. Shuning uchun ham ushbu tadbirdan katta motivatsiya va amaliy ko‘nikmalar bilan qaytdim, – deydi 3-kurs talabasi U.Amangeldiyev.

“Kelajak yoshlari” jamoasi a’zolari safar davomida belgilangan jadval asosida Leybnits nomidagi sabzavotlar va manzarali o‘simliklar ilmiy tadqiqot instituti, Berlin shahridagi EUROPA EXPERIENCE multimedia markazi, qishloq xo‘jaligi hayvonlari biologiyasi ilmiy tadqiqot instituti, Impact Hub markazi, YPARD (yosh qishloq xo‘jaligi tadqiqotchilari va rivojlanish tashkiloti), Berliner Tafel (oziq-ovqat xayriya tashkiloti) va Berlindagi Yevropa parlamenti uyiga tashrif buyurdilar. Albatta, Germaniyaga uyushtirilgan ushbu o‘quv safari barqaror qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha qiziqishga ega bo‘lgan talabalar uchun yaxshi tajriba maktabi bo‘ldi.

Ushbu sayohat talabalarga nafaqat nazariy, balki amaliy bilimlarni ham berishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ular Yevopa qishloq xo‘jaligidagi global tendensiyalar va innovatsion yondashuvlarni o‘rgandilar. Sayohat davomida talaba-yoshlar Germaniyaning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurib, o‘zgacha taassurot bilan qaytdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri