O‘zbekiston va Malayziya: korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi 

178

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri o‘rtasida 2024 yil may oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi muloqot davomida ikki davlat o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ushbu kelishuv ijrosi doirasida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasida bo‘ldi. Ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va sohada amaliy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Malayziyaning korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi Bosh komissari Dato Sri Xoji Azam Bin Baki, shuningdek, Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi rahbari Sayful Ezral Orifin ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: 2022 yil may oyida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Malayziyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Memorandum doirasida ikki davlat o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faol hamkorlik olib borilmoqda. Xususan, korrupsiyaga qarshi strategik hujjatlarni ishlab chiqish, korrupsiyaning oldini olishda preventiv choralarni ko‘rish, davlat xizmatida halollik tamoyillarini joriy qilish kabi masalalarda qo‘shma loyihalar, muhokama va treninglar tashkil etilgan. Shuningdek, Malayziya vakillari har yili Toshkent shahrida o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro aksilkorrupsiya forumida ishtirok etib kelmoqda.

Uchrashuvda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, jumladan, korrupsiyaning oldini olishning ta’sirchan choralari bo‘lgan jamoatchilik nazorati va jurnalistik surishtiruvlarni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish, O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya” loyihasini Malayziya ekspertlarining taklif va tavsiyalari asosida takomillashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari uchun korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha dastlabki surishtiruv, tergov va ma’lumotlarni yig‘ish, shuningdek, davlat xaridlari jarayonlarida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va oldini olish borasida treninglar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Malayziya tomoni shu yil iyul oyida Kuala Lumpur shahrida bo‘lib o‘tadigan “Halollik va korporativ boshqaruv” mavzusidagi xalqaro anjumanga O‘zbekiston vakillarini ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi o‘rtasida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolandi.

Hujjatda ikki davlat aksilkorrupsiya idoralari o‘rtasida 2025-2026 yillarda sohada tajriba almashish, ilg‘or amaliyotni o‘rganish va joriy etish yuzasidan hamkorlikning aniq mexanizmlari aks etgan. Xususan, tomonlar hamkorlikda yirik qo‘shma aksilkorrupsiya tadbirlarini tashkil etish, davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi o‘qitishda Malayziya tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish, “halollik tekshiruvi” loyihasini ishga tushirish hamda qo‘shma o‘quv dasturlari ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, hujjatda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat mexanizmlarini joriy etish va ular faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha Malayziya va O‘zbekiston amaliyotini solishtirgan holda tajriba almashish nazarda tutilgan.

– Malayziya Agentligimiz faoliyat boshlagan dastlabki davrlardanoq biz uchun yaqin va manfaatli hamkorlardan biri bo‘lib kelmoqda, – dedi Akmal Burxonov. – 2022 yilda mamlakatning Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi (MASS) rahbari Azam bin Bakining Toshkentga amalga oshirgan tashrifi doirasida idoralarimiz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani nafaqat ikki tomon faoliyatida, balki O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida uzoq davom etadigan hamkorlikning muhim debochasi bo‘ldi. Memorandum doirasida tajriba almashish, o‘zaro faoliyatni takomillashtirish, kadrlar tayyorlash, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish maqsadida aholini korrupsiyaga qarshi o‘qitish, ularning ommaviy axborot воситалари va halollikni targ‘ib qiluvchi kampaniyalar haqida xabardorligini oshirish bo‘yicha ma’lumot almashinuvi ham yo‘lga qo‘yildi. Ishonamanki, o‘zaro hamkorligimiz yaqin istiqbolda yangi yutuq va natijalar bilan o‘z samarasini yanada kengroq namoyon etadi.

Muloqotda Azam bin Baki shunday fikrlarni bildirib o‘tdi: 

– Bugungi kunda dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurashishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu yo‘nalishda tajriba almashish juda muhim deb o‘ylayman. 1967 yilda Malayziya davlatida korrupsiyaga qarshi kurashish qonuni kuchga kirgandan buyon ulkan ishlar amalga oshirildi va buning natijasida bu sohada biz anchagina tajriba orttirdik. Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi xodimlari korrupsiyaga qarshi kurash va uning oldini olish hamda ushbu yo‘nalishdagi ta’lim dasturlarini O‘zbekistonning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan bo‘lishishga tayyor. Biz esa, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ilg‘or tajribalarini o‘rganishga tayyormiz. Chunki keyingi yillarda mamlakatingizda ushbu yo‘nalishda katta islohotlar olib borilayotganini kuzatmoqdamiz va katta yutuqlarga erishayotgangizni ham ko‘rib turibmiz.

Mazkur kelishuv har ikki mamlakatning huquqiy soha va amaliyotdagi yutuqlarini birlashtirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda muvaffaqiyatli natijalarga yo‘l ochadi. O‘zaro tajriba va ishonch bu yo‘ldagi har bir qadamga yana dadillik va qat’iylik, progressivlik beradi.

Muloqot yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarida ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA