Prezident qarori loyihasi bo‘yicha ekspertlar fikrlari va tavsiyalari tinglandi

202

Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Yashil” innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda energiya samaradorligini oshirish va barqaror issiqlik ta’minotini ta’minlash masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarligida o‘tkazilgan tadbir xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mazkur tadbirda mavjud binolarning energiya samaradorligini oshirish, markazlashgan issiqlik ta’minotini isloh qilish va barqaror rivojlantirishga qaratilgan Prezident qarori loyihasi bo‘yicha ekspert fikrlari hamda tavsiyalar tinglandi.

Davra suhbatida xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari vakillari bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Energetika, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbir davomida mavjud binolarning energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini tahlil qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sohada mavjud muammolarni bartaraf etish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.

Qaror loyihasida energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, binolarning energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiya qilish, energiya yo‘qotishlarini minimallashtirish va barqaror issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish choralari belgilangan.

Qarorni ishlab chiqish jarayonida Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro energetika agentligi kabi tashkilotlarning tavsiyalari va tajribasi inobatga olindi.

Davra suhbatida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etib, energiya samaradorligi va issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish strategiyalarini taqdim etdilar. Shuningdek, BMTTD, Xalqaro moliya korporatsiyasi, GIZ va boshqa tashkilotlar vakillari tomonidan O‘zbekistonning issiqlik ta’minoti sohasini modernizatsiya qilishda “yashil” texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha  takliflar bildirildi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA