Universitetda ijodiy kecha

305

Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, yozuvchi va shoir Ismat Ko‘chiyev tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

1955 yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan I.Ko‘chiyev mazkur dargohda tahsil olgan. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida davlat organlarida faoliyat ko‘rsatgan. Shu bilan birga badiiy ijod, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullangan.

Tadbirda universitet rektori, professor Rustam Xolmurodov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining maslahatchisi Salim Ashurov va boshqalar ijodkorning hayoti, asarlari haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.

So‘zga chiqqanlar Ismat Ko‘chiyevning o‘zbek va rus tillarida yaratgan “Sharaf Rashidov – pobeditel” (“Sharof Rashdov – g‘olib”), “Sharaf Rashidov – sozidatel” (“Sharof Rashidov – bunyodkor”) nomli ijtimoiy-siyosiy asarlari,“Jannat rayhonlari”, “Ulug‘lar chorbog‘i”, “Babur. Skvoz veka” (“Bobur. Asrlar oralab”), “Bolalik chorbog‘i”, “Talabalik yillarim” nomli she’riy kitoblari va boshqa asarlari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olinganini ta’kidladi. Ayniqsa, muallif xalqimizning sevimli farzandi, davlat arbobi Sharof Rashidovning yorqin hayot yo‘li haqidagi asarlari orqali shaxsning tarixdagi roli naqadar katta bo‘lishini isbotlab berdi.

Ozarbayjon xalqining ulug‘ farzandi “Haydar Aliyevning g‘alabasi” deb nomlangan kitobida esa qardosh xalq yetakchisi Haydar Aliyevning hayot yo‘li, siyosatdagi ziddiyatli va sharafli faoliyati haqida hikoya qiladi. Ushbu asari uchun ijodkor Ozarbayjonning “Ozarbayjon do‘sti” oltin medali bilan taqdirlangan.

– Ismat Ko‘chiyev bilan universitetda birga o‘qidik, ilmga, badiiy ijodga qiziqishi baland edi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev. – Bu xislatlari mas’ul vazifalarda ishlaganida ham yaqqol ko‘rinib turardi. Shuning uchun o‘nlab asarlar yaratdi, nazm va nasrda barakali ijod qildi. Ulug‘ siymolar, davlat arboblari haqida aniq manbaalar, hujjatlar asosida yozgan kitoblari tezda kitobxonlar qalbidan joy oldi.

Tadbirda ijodkorning o‘zi ham so‘zga chiqib, ustozlari va safdosh do‘stlari, ijodkorlarga minnatdorlik bildirdi, yoshlarni Vatanni sevishga, yurt ravnaqi uchun xizmat qilishga da’vat etdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari