Ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya xizmati ko‘rsatishda yagona tashkiliy-uslubiy vertikal boshqaruv tizimi joriy etiladi

705

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasida ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya xizmatini ko‘rsatishning yagona tashkiliy-uslubiy vertikal boshqaruv tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, ruhiy kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash, ularga tashxis qo‘yish va davolashni yanada takomillashtirish, respublika psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, faoliyati samaradorligini oshirish hamda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar psixiatriya va narkologiya xizmati tibbiyot muassasalari Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallari sifatida;

Qashqadaryo viloyati 1-son ruhiy asab kasalliklari dispanseri unga Qashqadaryo viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasini qo‘shib yuborish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qashqadaryo viloyati filiali sifatida qayta tashkil etiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qashqadaryo viloyati filiali Qashqadaryo viloyati 1-son ruhiy asab kasalliklari dispanseri va Qashqadaryo viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasining huquqlari hamda majburiyatlari bo‘yicha hududiy vorisi hisoblanadi.

Mazkur qaror bilan:

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tizimidagi psixiatriya va narkologiya xizmatlarining tashkiliy tuzilmasi;

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallarini tashkil etish ro‘yxati;

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya xizmati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallarini tashkil etish ro‘yxati tasdiqlandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallarining asosiy vazifalari:

aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;

birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatlarini integratsiya qilish orqali ruhiy holat buzilishini erta aniqlash va davolash choralarini ko‘rish;

birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalari shifokorlarining ruhiy holati buzilgan shaxslarni klinik baholash, davolash hamda kuzatib borish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish va bilimlarini oshirish;

ruhiy holati buzilgan shaxslarni dori vositalari bilan ehtiyojga ko‘ra to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish;

aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smir yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash;

tibbiyot xodimlarining kasbiy darajasini, shu jumladan mutaxassislarning xorijiy yetakchi tibbiyot ta’lim muassasalarida hamda klinikalarida o‘z ixtisosligi bo‘yicha kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha stajirovkalarini tashkil etish orqali doimiy ravishda oshirib borish va takomillashtirish;

ixtisosligi bo‘yicha kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha ilg‘or usullar va texnologiyalarni ishlab chiqishga hamda tibbiyot amaliyotiga joriy etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish;

xorijiy yetakchi tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash;

tuman (shahar) tibbiyot tashkilotlariga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish, ularning amaliyotiga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini joriy etish, sayyor maslahatlar (konsultatsiyalar) berish, mahorat darslarini muntazam ravishda o‘tkazib borishdan iborat bo‘ladi.

                                                                                               O‘zA