BMT: G‘azoda har soatda ikki ona vafot etyapti

271

Qamaldagi G‘azo sektorida har soat ikki ona vafot etmoqda. BMT bosh kotibining gumanitar masala bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits ijtimoiy tarmoq orqali shunday ma’lumot tarqatgan. U 2023 yil 7 oktyabrdan buyon anklavda halok bo‘lgan falastinliklar soni 25 mingdan oshganiga ham e’tibor qaratdi.

– Isroil armiyasi gavjum kasalxonalarni o‘qqa tutmoqda, uylar vayronaga aylangan, xavfsiz hududlar xavfli bo‘lib qolgan, – deb yozgan Griffits. – 7 oktyabrdan beri G‘azoda vahshiylik to‘xtamayapti. Ayni dam hududdagi qurbonlar soni 25,9 ming kishidan oshdi, ularning aksariyati ayollar va bolalar. Falastinning 63 mingdan ziyod aholisi jarohat olgan.

G‘azoning 2,3 million aholisi havo, quruqlik va dengizdan uyushtirilayotgan ommaviy bombardimon hamda to‘liq qamal tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmon tanqisligidan aziyat chekmoqda. Minglab binolar, jumladan kasalxona, masjid va cherkovlarga ziyon yetgan, ko‘p inshootlar butunlay vayron bo‘lgan. Isroilda esa qurbonlar soni 1200 ga yaqinlashdi.