Kichik biznes vakillari qo‘llab-quvvatlanadi

296

Mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektiga alohida e’tibor qaratilmoqda, zarur shart-sharoitlar, imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Asossiz tekshiruvlarga chek qo‘yilib, biznes vakillari rag‘batlantirilmoqda, ishbilarmonlik tashabbuslari to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar natijasida tadbirkorlar soni keskin ko‘paydi. Ilgaridan ishlayotgan ishbilarmonlar o‘z biznesini mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish o‘rinlari yaratyapti.

Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 20 yanvaridagi “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida kichik va o‘rta biznesning xalqaro bozorlarga chiqishiga imkoniyatlarni kengaytirish, mikro moliyalashtirishni rivojlantirish, yangi instrumentlarini amaliyotga joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangani e’tiborga molik.

Endilikda ushbu qarorga asosan, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tayanch bank etib belgilanadi. Banklar tomonidan amaliy o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan loyihalargina ushbu Dasturga muvofiq moliyalashtiriladi.

Dasturda ishtirok etish, undagi vositalardan foydalanish, banklar tomonidan soddalashtirilgan tartibda qaror qabul qilish, kredit shartnomalarini rasmiylashtirish, loyihani monitoring qilish Biznes portal (https://biznes-portal.uz/) orqali amalga oshiriladi. Mikrokreditbank va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi birgalikda “Kasanachilar maktabi”ni tashkil etadi.

Eslatib o‘tish joiz, Dasturda Agrobank ishtirok etmaydi, hamkor banklar sifatida Mikrokreditbank va Xalq bank ishtirok etadi.

Xo‘sh, ushbu loyihada kimlar ishtirok etishi mumkin?  

Mazkur loyihada kamida 1 yil uzluksiz faoliyat yuritib kelayotgan YATTlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilganlar, hunarmandlar, kasanachilar, shuningdek, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlab kelayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin.

Yangi qarorga asosan kichik biznes vakillari qanday moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi? 

Yuqorida nomi keltirilgan hujjatga asosan, kichik biznes sub’ektlari quyidagi ko‘rinishlarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing beriladi. Bunda 100 million so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 million so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi.

Shuningdek, so‘ngi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 500 mln. so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kamida 5 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik tadbirkorlik sub’ektlarining tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagi bo‘lgan istiqbolli loyihalariga asosiy vositalarni sotib olish uchun 24 oylik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 1 mlrd. so‘mgacha kreditlar ajratiladi.

Shu bilan birga, 24 oydan ortiq faoliyat ko‘rsatayotgan va oxirgi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 1 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik tadbirkorlik sub’ektlarining tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagi bo‘lgan istiqbolli loyihalariga asosiy vositalarni sotib olish uchun 24 oylik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 1,5 mlrd. so‘mgacha kreditlar ajratiladi.

Qolaversa, 24 oydan ortiq faoliyat ko‘rsatayotgan va oxirgi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 1 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik tadbirkorlik sub’ektlarining tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagi bo‘lgan istiqbolli loyihalariga asbob uskunalar, texnologik jihozlar va maxsus texnikalarni sotib olish uchun 24 oylik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 1,5 mlrd. so‘mgacha lizing xizmatlari ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, 24 oydan ortiq faoliyat ko‘rsatayotgan va oxirgi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 1 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik tadbirkorlik sub’ektlarining tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagi bo‘lgan istiqbolli loyihalariga asbob uskunalar, texnologik jihozlar va maxsus texnikalarni sotib olish uchun 24 oylik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga 1,5 mlrd. so‘mgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga beriladi.

Eng muhimi, 24 oydan ortiq faoliyat ko‘rsatayotgan va oxirgi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 1 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik tadbirkorlik sub’ektlarining tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagi bo‘lgan istiqbolli loyihalariga bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino-inshootlar va boshqa ko‘rinishdagi moddiy aktivlar bilan 20 foizgacha, biroq 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan qiymatda ulushdor bo‘lib ishtirok etishi nazarda tutilgan. Innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milliard so‘mgacha grant mablag‘larini ajratish nazarda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda kichik biznesni rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor tufayli bu soha yildan yilga rivojlanib bormoqda. Hech mubolag‘asiz, iqtisodiyotning haqiqiy lokomotiviga aylanmoqda. Davlatimiz iqtisodiy taraqqiyotini ularning faoliyatisiz tasavvur etish mushkul. Aslini olganda, kichik biznesning rivojlanishi iqtisodiyotdagi faol va samarali raqobat muhiti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, iste’mol sektorini kengaytirish orqali talabni rag‘batlantirish, iste’mol bozorini tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, byudjet tushumlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA