Senat: inspektor-psixologlarga zarur vakolatlar beriladi

462

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarga himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berilmoqda.

Ma’lumki, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etilgan.

Lekin, tahlillar ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilishiga to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.

Mazkur moddaga bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilganlikda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berilmoqda.

Mazkur masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, xotin-qizlar va bolalarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar sifatli va malakali tashkil etilishi muhimligini qayd etdi.

– Mazkur normalar ichki ishlar organlarining tegishli bo‘linmalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Huquqni qo‘llash amaliyotida, ayniqsa, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki shunga moyil bo‘lgan shaxslar bilan ishlashda mas’ul xodimlardan bilim va malaka talab etiladi. Shu bois kodeksga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha mas’ul xodimlar o‘qitilishi shart. O‘ylaymanki, tegishli tizimlar xodimlarni o‘qitish dasturiga xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan qonunlarni alohida kiritib, doimiy ravishda ularning malakasini oshirib boradi, – dedi Senat Raisi.

Senatorlar ma’qullagan qonun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA