O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish tartibini soddalashtirish maqsadida:

1. 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab:

jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 2 000 (ikki ming) AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketishda yozma ravishda majburiy deklaratsiya taqdim etish tartibi;

tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketishlariga ruxsatnoma berish bekor qilinsin.

2. Belgilansinki, jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketish ekvivalentda 5 000 (besh ming) AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan summa doirasida hech qanday ruxsatnomalarsiz amalga oshiriladi.

Belgilangan summadan ortiqcha mablag‘ni olib chiqib ketish:

rezidentlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi asosida;

norezidentlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi, deklaratsiyada naqd xorijiy valyuta summasi olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy valyuta summasidan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘rsatiladi.

Norezidentlar – respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan musobaqalar, tanlov va olimpiadalarning sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyuta olib chiqib ketilayotganda naqd xorijiy valyuta olinganligining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ular tomonidan ushbu naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun asos bo‘ladi.

3. Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga naqd xorijiy valyutani olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

4. Jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 2 000 (ikki ming) AQSh dollaridan oshadigan summadagi naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va olib chiqib ketish chog‘ida olib kirilayotgan yoki olib chiqib ketilayotgan naqd xorijiy valyutaning jami summasi yozma ravishda deklaratsiya qilinadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy banki, Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ushbu Farmon qoidalari respublika aholisiga va xorijiy davlatlarning fuqarolariga o‘z vaqtida yetkazilishi yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmon qoidalari keng yoritilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmurotov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.V.Tohiriy zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 6-dekabr