Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahrida MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida soʻzlagan nutqi

Hurmatli Emomali Sharipovich!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugungi uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini samimiy qutlash va Tojikiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Emomali Sharipovich Rahmonga anʼanaviy samimiy mehmondoʻstlik va ushbu majlisni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raislik qilish davrida tojik birodarlarimiz tuzilmamiz doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida samarali ishlarni amalga oshirganini alohida qayd etishni istardim.

Hurmatli hamkasblar!

Dunyoda roʻy berayotgan jadal oʻzgarishlar, tobora avj olib borayotgan global tahdid va xatarlar sharoitidaMustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi koʻp qirrali munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilmoqda va oʻzining zarur tuzilma ekaninitasdiqlamoqda.

Oʻtgan yil mamlakatimizning MDH doirasidagi faoliyatida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berganini alohida qayd etishni muhim deb bilaman.

Oʻzbekiston iqtisodiyot, energetika, ilm-fan va innovatsiya, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi sohalarni qamrab olgan oʻndan ziyod tarmoq boʻyicha hamkorlikkaqoʻshildi.

Tashkilotimizning 2020-yilda boʻladigan navbatdagi Sammitini Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyor ekanimizni tasdiqlaymiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Koʻp tomonlama hamkorligimizning eng dolzarb va istiqbolli yoʻnalishlari haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchi. Jahon iqtisodiyotidagi murakkab jarayonlar, “savdo urushlari” keskinlashib, proteksionizm kuchayib borayotgan bugungi sharoitda MDH erkin savdo zonasining toʻlaqonli faoliyat yuritishi va oʻzaro bozorlarni shakllantirish halqiluvchi masalalarga aylanishi lozim.

Faqat yilning boshidan buyon Oʻzbekiston va Hamdoʻstlikning koʻpchilik mamlakatlari oʻrtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada oʻsdi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining yuqori darajadagi oʻsish surʼatlarini taʼminlash maqsadida bojxona tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, savdo sohasidagi mavjud barcha toʻsiq va cheklovlar, jumladan, texnik gʻovlarga barham berish lozim, deb hisoblaymiz.

Hamdoʻstlik makonida xizmatlar boʻyicha erkin savdo zonasini tezroq yaratish muhim, deb hisoblaymiz.

Ikkinchi. Oʻzbekiston mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida kooperatsiyani yanada kuchaytirish tarafdoridir.

Biz bunday hamkorlikni Hamdoʻstlikning barcha mamlakatlari bilan faol rivojlantirmoqdamiz.

Qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini shakllantirish maqsadida Oʻzbekistonda MDH mamlakatlari ishtirokida Moliya-bank forumini oʻtkazishga tayyormiz.

Uchinchi.Tariflar boʻyicha oʻzaro imtiyozlar berishga doir yagona mexanizmni joriy etgan holda, xalqaro va mintaqaviy transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish, barcha turdagi transportlar bilan yuk tashishga oid talablarni birxillashtirish va turli toʻsiqlarni bartaraf etish, logistika markazlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish muhimdir.

Toʻrtinchi. Bizning fikrimizcha, oʻzaro mahsulot yetkazib berishda “yashil yoʻlaklar”ni keng joriy etish qishloq xoʻjaligi sohasidagi samarali hamkorlikka xizmat qiladi.

MDHning Agrosanoat kompleksi masalalari boʻyicha kengashi va qishloq xoʻjaligi sohasidagi boshqa tuzilmalari faoliyatini faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Beshinchi. Hamdoʻstlik mamlakatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli tobora ortib borayotganini hisobga olgan holda, MDH doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha uzoq istiqbolga moʻljallangan dasturni ishlab chiqish va qabul qilishni maʼqullaymiz.

Shu tariqa sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalari, moliya sektorida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, aholi va biznes subyektlarining qulay elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirgan boʻlar edik.

Oltinchi. Hududlararo va chegaralarga yaqin mintaqalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonda 2020-yilda MDH mintaqalari forumini oʻtkazishni taklif etamiz.

Yettinchi. Fashizm ustidan qozonilgan umumiy Gʻalabamizning 75 yilligini keng nishonlash boʻyicha birgalikda tadbirlar oʻtkazishga ustuvor eʼtibor qaratamiz.

Bu masala 2020-yilda Oʻzbekistonning MDHga raisligi konsepsiyasida alohida aks ettiriladi.

Sakkizinchi. Xavfsizlikni taʼminlash, yuzaga kelayotgan tahdidlarga oʻz vaqtida javob qaytarish mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotining hal qiluvchi shartidir.

Afgʻonistonda hanuz davom etayotgan qurolli mojaro Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlarning aksariyati uchun umumiy tahdid boʻlib qolmoqda.

MDH Afgʻoniston muammosini siyosiy yoʻl bilan tezroq hal etishga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarda muhim rol oʻynashga qodir.

Xalqaro terrorizm xavfining tobora ortib borayotgani jiddiy tashvish uygʻotmoqda.

Bugungi terrorchilik tuzilmalari katta moliyaviy resurslarga, eng yangi axborot va texnika vositalariga ega, yuqori darajada harakatchan va tezkordir.

Hozirgi paytda ularning Yaqin Sharqdan Afgʻonistonga, MDH chegaralari yaqiniga koʻchib oʻtish tendensiyasi kuchaymoqda.

Mamlakatlarimiz terrorizm xavfini oʻz vaqtida va samarali qaytarish uchun oʻzaro kelishilgan, avvalo, oldindan zarba berishga qaratilgan harakatlarga tayyor turishi lozim.

MDH makonida yuzaga kelayotgan xavfsizlikka qarshi tahdidlarning oʻz vaqtida oldini olish uchun tahliliy va tezkor axborot bilan muntazam almashishning amaldagi mexanizmlari doirasida samarali hamkorlikni taʼminlagan holda huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Yoshlar oʻrtasida radikallashuv muammosi eʼtiborimiz markazida boʻlib qolishi lozim. Shu munosabat bilan taʼlim-tarbiya, ilm-maʼrifat, yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi hamkorlikni kengaytirish zarur.

Oʻzbekiston MDHga aʼzo davlatlarning Yoshlar masalalari kengashi faoliyatiga qoʻshilmoqda va uning faoliyatida faol ishtirok etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Toʻqqizinchi. Madaniy-gumanitar aloqalar va maʼnaviy qadriyatlar Hamdoʻstlik mamlakatlarini hamisha birlashtirib kelayotgan kuchdir.

Aynan shuning uchun ham biz har yili mamlakatlarimizda navbati bilan turizm yarmarkalari va MDH madaniyati kunlarini, Hamdoʻstlikning ijodkor yoshlari oʻrtasida muntazam uchrashuvlarni, ularning har birini muayyan mavzuga bagʻishlagan holda tashkil etishni, shuningdek, MDH Davlatlari madaniy merosi Virtual muzeyini yaratishni taklif etamiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Soʻzimning yakunida turkmanistonlik doʻstlarimizni Hamdoʻstlikka raislikni qabul qilgani bilan tabriklash va ularga katta muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

Muhtaram Emomali Sharipovich Rahmonga samimiy qabul va sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.