Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

QATTIQ MAISHIY CHIQINDILARNI TOʻPLASH VA OLIB CHIQISH UCHUN TOʻLOVLARNI TOʻLASH TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

Mamlakatda chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini isloh qilish doirasida hududlarni sanitar tozalash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, maishiy chiqindilarni toʻplash va hududlardan olib chiqishning samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda.

Aholiga sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatish koʻlami ortmoqda, shu jumladan, hududlarda 174 ta tuman (shahar) filiallaridan iborat 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonalari tashkil etildi, ushbu sohaga elektron tanlovlar asosida hududlarni biriktirishning shaffof mexanizmlari orqali tadbirkorlik subyektlari faol jalb qilinmoqda.

Chiqindilar bilan bogʻliq infratuzilma takomillashtirilmoqda, tasdiqlangan dasturlar doirasida yangi chiqindi toʻplash shoxobchalari qurilmoqda va konteynerlar bilan jihozlanmoqda, chiqindilarni toʻplash va olib chiqish ishlari bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning transport saroylari yangilanmoqda.

Shu bilan birga hududlarda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish ishlarida ayrim muammolarning mavjudligi chiqindilar bilan bogʻliq samarali tizimni shakllantirishga hamda sohani yanada rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda, jumladan:

birinchidantoʻlov intizomi darajasining pastligi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda – xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar) moliyaviy koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatib, asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarini cheklamoqda, shuningdek, ushbu sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishga toʻsiq boʻlmoqda;

ikkinchidanisteʼmolchilarning va ular tomonidan toʻlangan toʻlovlarning yagona hisobi amalda yuritilmayapti, bu esa ushbu sohada naqd pul mablagʻlari bankdan tashqari aylanishiga va ularni oʻzlashtirish holatlariga zamin yaratmoqda;

uchinchidanmahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hududlarni sanitar tozalash va ulardagi ekologik holatni yaxshilash boʻyicha oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlarga ega emas;

toʻrtinchidanmahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik bitimlari doirasida hamkorlikning aniq maʼmuriy va bozor mexanizmlari ishlab chiqilmagan.

Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq tizimni yanada rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish sohasida toʻlov intizomini mustahkamlash, aholining sifatli sanitar tozalash xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi oʻrinlarda – Byuro) zimmasiga 2019 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy toʻlovlar toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha vazifa yuklatilsin.

2. 2019 yil 1 yanvardan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra:

a) qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar aholi tomonidan toʻlov amalga oshirilgan oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi sanasidan kechikmay yagona tranzit bank hisobvaraqlariga toʻlanadi va keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkaziladi;

b) xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan davlat-xususiy sheriklik bitimlari va shartnomalarga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi;

v) qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlov isteʼmolchilar va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan shartnomalarga muvofiq bevosita xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga 100 foiz oldindan toʻlash asosida amalga oshiriladi;

g) qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar toʻlash boʻyicha jismoniy shaxslardan qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi arizalar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda – Davlat ekologiya qoʻmitasi) hududiy organlari tomonidan toʻlov olti oydan ortiq toʻlanmagan taqdirda sudlarga kiritiladi;

d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus gʻazna hisobvaraqlarida jamlangan mablagʻlar faqatginaQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar haqini markazlashgan tartibda toʻlashga, shuningdek, ushbu Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadi.

3. Davlat ekologiya qoʻmitasi hududiy organlari huzurida yuridik shaxs tashkil qilmagan holda sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlari (keyingi oʻrinlarda – sanitar tozalash markazlari) 1-ilovaga muvofiq namunaviy tuzilma asosida tashkil etilsin.

Bunda, har bir tuman (shahar)ga sanitar tozalash markazining bir nafardan mutaxassisi biriktirilib, ular tegishli tuman (shahar)da faoliyat yuritishi hamda tuman (shahar) hokimliklari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish ishlariga, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga masʼul ekanligi belgilansin.

Quyidagilar sanitar tozalash markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari koʻrsatilishini tashkil etish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish maqsadida elektron tanlovlarni uyushtirishda buyurtmachining ishchi organi vazifasini amalga oshirish;

qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni toʻlovchi jismoniy shaxslarning (shu jumladan, ular bilan birga yashaydigan shaxslarning) haqqoniy hisobi tuman (shahar) hokimliklari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda yuritilishini, shuningdek, ushbu axborot qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimiga oʻz vaqtida kiritilishini tashkil etish;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar hamda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish haqidagi shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun tariflarni belgilangan tartibda shakllantirishni tashkil etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari maxsus gʻazna hisobvaraqlarida jamlangan mablagʻlar hisobidan markazlashgan toʻlovlarni amalga oshirish orqali aholiga koʻrsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan oʻzaro hisob-kitoblarni taʼminlash;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda hududlarni sanitar tozalash va chiqindilar bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;

Byuro, tuman (shahar) hokimliklari, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish.

4. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari maxsus gʻazna hisobvaraqlarida jamlangan mablagʻlarning:

5 foizidan koʻp boʻlmagan miqdori har yili tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi doirasida sanitar tozalash markazlari faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;

5 foizi Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan smeta boʻyicha Sanitar tozalash boʻyicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasi faoliyatini moliyalashtirishga, shuningdek, chiqindilar bilan bogʻliq infratuzilmani rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirishgayoʻnaltiriladi.

5. Davlat ekologiya qoʻmitasi 2019 yil 1 yanvarga qadar:

Byuroga tegishli vazifalar oʻtkazilishini inobatga olib, “Toza hudud” va “Maxsustrans” davlat unitar korxonalaridagi yakka tartibdagi va koʻp kvartirali uy-joylar uchastkalari nazoratchilari shtatlar sonining qisqartirilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi ishlashini, shuningdek, tizimga sanitar tozalash markazlari va Byuroning ulanishini taʼminlasin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan birgalikda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni toʻlovchi jismoniy shaxslarni xatlovdan oʻtkazsin, ularga shaxsiy hisobvaraqlar ochilishini, shuningdek, mavjud qarzdorlik toʻgʻrisida axborot qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimiga kiritilishini taʼminlasin.

6. Belgilansinki, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish sohasida:

a) Byuro qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun aholidan majburiy toʻlovlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishini taʼminlash, ushbu sohadagi qarzdorlikni kamaytirish uchun javobgardir;

b) xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga qatʼiy muvofiq holda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan tuziladigan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar va shartnomalardagi majburiyatlarga rioya etish uchun javobgardir;

v) Davlat ekologiya qoʻmitasi:

qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimini shakllantirish, mazkur tizimning boshqarilishini va uzluksiz faoliyat yuritishini taʼminlash;

chiqindilar bilan bogʻliq sohadagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratinibelgilangan tartibda amalga oshirish uchun javobgardir;

g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oʻzlarining maxsus gʻazna hisobvaraqlarida jamlangan mablagʻlarning ushbu Farmonning 2-bandi “d” kichik bandida va 4-bandida nazarda tutilgan maqsadlarga oʻz vaqtida yoʻnaltirilishini tashkil etish uchun javobgardir.

7. Byuro bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda aholi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni toʻlashi uchun tushumlarning haqqoniy hisobini va monitoringini yuritish imkonini beradigan yagona tranzit bank hisobvaraqlari ochilishini taʼminlasin;

fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va aholi yagona tranzit bank hisobvaraqlari hamda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni aholi tomonidan toʻlash tartibi haqida xabardor qilinishini taʼminlasin.

8. Davlat ekologiya qoʻmitasi va Bosh prokuratura boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 20 dekabrga qadar Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatish qoidalarining yangi tahrirdagi loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda:

chiqindilar bilan bogʻliq sohadagi oxirgi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda isteʼmolchilar, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi yangi huquqiy munosabatlar tartibi;

qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni toʻlovchi jismoniy shaxslar hisobini yuritish, shuningdek, belgilangan tarifdan kelib chiqib toʻlanishi lozim boʻlgan oylik majburiy toʻlovlar miqdorini belgilash mexanizmlari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi namunaviy bitimni hamda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi namunaviy shartnomani tasdiqlash nazarda tutilsin.

9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat ekologiya qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmuni va mohiyati, shu jumladan, maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish zarurligi, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun qoʻllaniladigan javobgarlik choralari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
2-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Davlat ekologiya qoʻmitasi Adliya vazirligi, Byuro, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu Farmonga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2018 yil 22 noyabr

 

O’zA