Oʻzbekiston Respublikasida milliymadaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Keyingi yillarda mamlakatimizda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filiali tashkil etildi.

Oʻzbek mumtoz va folklor sanʼatining noyob namunalarini, oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarini asrab-avaylash va rivojlantirish tizimi yaratildi. Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va muzeyi tashkil etildi. Har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom sanʼati anjumani hamda Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining oʻtkazilishi noyob merosimizning nufuzini jahon miqyosida oshirish yoʻlida muhim amaliy qadam boʻldi.

Ayni paytda milliy madaniyatni yanada rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli kamchiliklar mavjud. Jumladan:

birinchidan, madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, madaniyat va sanʼat muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilmagan;

ikkinchidan, yosh ijodkorlarga taʼlim-tarbiya berish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida puxta tizim yaratilmagani madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini samarali olib borish, aholining oʻsib borayotgan madaniy ehtiyojlarini qondirish va madaniy xizmatlar sifatini keskin oshirish imkonini bermayapti;

uchinchidan, aksariyat madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablari va xalqaro standartlarga mos kelmaydi, bu esa ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishi uchun imkon bermayapti;

toʻrtinchidan, zamonaviy media makonda milliy madaniyatimiz munosib oʻrin egallamagani, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari toʻliq joriy etilmagani sohani keng tadqiq va targʻib etish, xalqaro madaniy jarayonlarga talab darajasida integratsiya qilishga yoʻl bermayapti;

beshinchidan, madaniyat va sanʼat sohasidagi nufuzli xalqaro festival va tanlovlarda ijodkorlarimizning ishtirokini izchil taʼminlash va ularning sara asarlarini namoyish etish, milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilishning samarali tizimi yaratilmagani, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagani ham soha rivojiga toʻsqinlik qilmoqda.

Xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak maʼnaviy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash hamda jahon madaniyati bilan uygʻun holda rivojlantirish, milliy madaniyatni keng targʻib etish, uning xalqaro madaniy makonda tutgan oʻrni va mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi(keyingi oʻrinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) 1-ilovaga;

2019 – 2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

2019 – 2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturlari (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar dasturlari) 2.1–2.14-ilovalariga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, 2021-yil va undan keyingi yillar uchun Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” va Chora-tadbirlar dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

2. Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy bazani, ushbu sohadagi institutsional tizimni va madaniyat muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish;

tarixiy va madaniy merosimizni saqlash hamda uni yosh avlod tarbiyasida keng qoʻllash;

milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz ongiga singdirish, etnik madaniy anʼanalarni asrab-avaylash va shu asosda xalq ijodiyotini qoʻllab-quvvatlash;

aholi, jumladan, yoshlarning ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va kengaytirish;

madaniyat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, madaniyatni yanada keng tadqiq va targʻib etishda innovatsion gʻoyalar va texnologiyalardan samarali foydalanish;

fuqarolarning, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy hayotda faol ishtirok etishi va madaniy xizmatlardan foydalanishda ijtimoiy tengligini taʼminlash;

madaniy sohada oʻzaro samarali xalqaro munosabatlarni tashkil etish va rivojlantirish, milliy madaniyatga jahon madaniyatining ajralmas qismi sifatida qarash, bu borada teng huquqlilik va inson huquqlarini hurmat qilishga alohida eʼtibor qaratish;

qabul qilinayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga oid qarorlarning ushbu sohadagi yagona davlat siyosatiga mosligini taʼminlash;

madaniyat va sanʼat muassasalarining toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, ularning moddiy resurs bazasini yanada mustahkamlash, obyektlarni saqlash hamda muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan madaniyat va aholi dam olish markazlari negizida madaniyat markazlari tashkil etilsin.

Quyidagilar madaniyat markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholiga madaniy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish va boʻsh vaqtlarining mazmunli oʻtishini taʼminlash, ijodiy jamoalarning milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalarni oʻzida mujassam etgan namunali dasturlarini shakllantirish;

xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlik sanʼatini saqlab qolish va rivojlantirish, badiiy va amaliy ijodiy jamoalar, havaskorlik guruhlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda ijodiy jarayonni tizimli ravishda boyitib borish;

bolalarni toʻgaraklarga jalb etish, xorijiy tillarni oʻrganish va “nutq madaniyati” boʻyicha kurslarni tashkil etish, xalq ijodiyotining barcha janr va yoʻnalishlari, havaskorlik sanʼati va nomoddiy madaniy merosni keng targʻib qilish hamda ularni asl holicha kelajak avlodga yetkazish;

adabiyot hamda sanʼat arboblari va professional ijodiy guruhlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-ommaviy tadbirlar tashkil etib, ular ishtirokida aholi, xususan, yoshlar bilan bevosita badiiy uchrashuvlar va davra suhbatlarini oʻtkazish;

tanlovlar, xalq ijodiyoti va tomosha sanʼatining tuman (shahar) miqyosidagi festivallarini oʻtkazish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash;

ommaviy bayram, tomosha va xalq sayillarini tashkillashtirish, ijtimoiy-madaniy sohada yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha ularga pulli xizmatlar koʻrsatish.

4. Quyidagilar:

2019 – 2020 yillarda madaniyat markazlari faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 3-ilovaga;

2019 – 2022 yillarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga zarur hollarda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda 2019 – 2022 yillarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda madaniyat markazlari faoliyatini, jumladan, madaniyat markazlarini yangi qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini tashkil etish, shuningdek, samarasiz faoliyat yuritayotgan madaniyat markazlarini maqbullashtirish toʻgʻrisida Hukumat qarorini qabul qilsin;

2019-yilning 1-fevraliga qadar madaniyat markazlari toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek, madaniyat markazlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari hamda badiiy va toʻgarak rahbarlarini ularning mehnat faoliyati natijasi asosida ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlasin.

6. Quyidagilar mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida markazlashtirilgan manbalar hamda respublika byudjeti mablagʻlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yilning 1-iyuniga qadar, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi “Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin:

madaniyat sohasida davlat siyosatining asosiy tamoyillari va yoʻnalishlari, ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakolatlari;

madaniyat sohasida fuqarolar, millat va elatlarning huquq hamda erkinliklari;

madaniy obyektlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartiblari, shuningdek, ularni moliyalashtirish va boshqarishning oʻziga xos xususiyatlari;

ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, madaniyat sohasidagi xodimlarning ijtimoiy himoyasi;

madaniy almashuv, xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar bilan hamkorlik, madaniyat obyektlari va sanʼat asarlarini ommalashtirish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Xalq cholgʻulari ijrochilari”, Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” va Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika koʻrik-tanlovlarini anʼanaviy ravishda oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilansinki:

a) ushbu respublika koʻrik-tanlovlari:

“Xalq cholgʻulari ijrochilari” koʻrik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2019-yilning iyun oyida;

Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” koʻrik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2019-yilning oktyabr oyida;

Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” koʻrik-tanlovi ikki yilda bir marta, dastlab 2020-yilning aprel oyida oʻtkaziladi;

b) ushbu respublika koʻrik-tanlovlari gʻoliblarining bir nafardan yakka ijrochilari tegishli yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasasining bakalavriat bosqichiga qabul kvotasiga qoʻshimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda ushbu respublika koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish tartiblarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining har yili 21-27 mart kunlari “Teatr tomoshalari haftaligi”ni va uning doirasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, jumladan, teatr rassomlarining koʻrgazmalari, teatr liboslari va dekoratsiyalari namoyishlarini tashkil qilish, tomoshabinlar bilan ijodkorlar oʻrtasida muloqotlar oʻtkazish hamda aholining shu kunlari davlat teatrlariga bepul kirishi toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

davlatlararo qoʻshma loyiha doirasida Buyuk ipak yoʻlining mamlakatimizdan oʻtgan qismini “Ipak yoʻli: Zarafshon daryosi vohasi” va “Ipak yoʻli: Fargʻona – Sirdaryo havzasi” nomi ostida YUNЕSKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga;

oʻzbek xalqining koʻhna va betakror sanʼati namunasi boʻlgan Xorazm “Lazgi”sini “Xorazm raqsi – Lazgi” nomi ostida YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.S.Sayfullayev):

yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlari loyihalarining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ekspertizadan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasiga belgilangan tartibda kiritsin;

yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlarining manzilli roʻyxati parametrlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin;

mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni aniq mezon va natijalarni koʻrsatgan holda muntazam ravishda tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borilishi choralarini koʻrsin, zarur hollarda fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy doiralarni milliy madaniyatni yanada rivojlantirish boʻyicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga jalb etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan rivojlantirish davlat dasturiga kiritilgan madaniyat markazlarini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shu jumladan, ularni jihozlash uchun imtiyozli shartlar asosidagi xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etish choralarini koʻrsin;

“Yoʻl xaritasi”, Chora-tadbirlar dasturi va Dasturning bajarilishi yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlumotlarni taqdim etib borsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:

kirish va ichki turizmni rivojlantirish dasturlari doirasida yurtimizda oʻtkaziladigan madaniyat sohasidagi tadbirlar hamda madaniyat markazlari tomonidan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun tashkil etiladigan madaniy tadbirlar roʻyxatini har yili 15 dekabrga qadar shakllantirsin;

mazkur tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy ommaviy axborot vositalarida aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida targʻib qilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yoʻl xaritasi”, Chora-tadbirlar dasturlari va Dasturni amalga oshirish yuzasidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatilishi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudovga – Konsepsiyada nazarda tutilgan vazifalarning bosqichma-bosqich toʻliq amalga oshirilishi, 2021-yil va undan keyingi yillar uchun nazarda tutilgan “Yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini tashkillashtirish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – “Yoʻl xaritasi”, tegishli Chora-tadbirlar dasturi va Dasturda nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini toʻgʻri tashkillashtirilishi hamda chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi;

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X.Komilovga –Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillari orqali yurtimizda oʻtkaziladigan madaniy tadbirlarni xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish, chet el mamlakatlari bilan madaniy hamkorlikni yanada jadallashtirish, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy sayyohlarni madaniy tadbirlarga jalb qilish choralarini koʻrishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

15. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini yoritib borish tavsiya etilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 28-noyabr