O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, respublikada to‘qimachilik sanoatidagi malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida:

1. Namangan shahrida Namangan to‘qimachilik sanoati instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Institutda o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.

2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:

to‘qimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

ta’lim dasturlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;

ta’lim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yo‘lga qo‘yish, kafedra filiallarini hamda professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;

o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirish;

o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini ta’minlash;

ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.

3. Belgilansinki, Institutda ta’lim jarayoni nufuzli xorijiy davlatlar oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Prezident ta’lim muassasalari agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi bilan hamkorlikda:

a) 2023/2024 o‘quv yiliga qadar to‘qimachilik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ta’lim tashkilotlarini hamkor sifatida belgilab, Institut ta’lim jarayonini zamonaviy o‘quv dasturlari asosida tashkil etsin;

b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:

Institut professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish choralarini ko‘rsin;

Institut talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotini xorijiy va mahalliy yirik to‘qimachilik korxonalarida o‘tash tizimini joriy etsin;

Institut talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etsin;

v) 2024/2025 o‘quv yiliga qadar Institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.

Bunda, Texnopark:

Namangan viloyati hokimligi tomonidan jalb etiladigan xalqaro tashkilotlarning grantlari va salohiyatli investorlar mablag‘lari hisobiga, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;

Institut ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi hamda unga texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va tijoratlashtirish huquqi beriladi;

xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar, grantlar, homiylik xayriyalari, Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

g) 2026/2027 o‘quv yiliga qadar Institutning kamida 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkazilishini ta’minlasin.

4. Institut tarkibida quyidagilar yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilsin:

To‘qimachilik matolari texnologiyalari va ularni tadqiq qilish hamda Bo‘yash-pardozlash jarayonlari texnologiyalari va ularni tadqiq qilish laboratoriyalaridan iborat to‘qimachilik sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Ilg‘or to‘qimachilik muhandisligi maktabi;

ta’lim jarayonida va undan tashqari vaqtlarda talabalarga zamonaviy libos ko‘rinishlarini yaratish imkonini beruvchi Dizayn studiyasi;

ilmiy-tadqiqot yutuqlarini tijoratlashtirish hamda yangi ishlanma va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanuvchi Innovatsiyalar va texnologiyalar transferi markazi.

5. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:

xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish;

ish beruvchilar talablari asosida o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish va amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish, yuqori kurs talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlarini “4+2” tartibida tashkil etish;

Institut faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma asosida maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlar ko‘rsatish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni tashkil etish;

ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda, Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh hamda boshqa to‘lovlarni belgilash va to‘lash;

professor-o‘qituvchilarni o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha bajargan ishlarining natijasi bo‘yicha rag‘batlantirib borish.

6. Quyidagilar:

2023-2026 yillarda Namangan to‘qimachilik sanoati institutini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Namangan to‘qimachilik sanoati institutini 2026 yilga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

Namangan to‘qimachilik sanoati institutida tashkil etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Belgilansinki:

Institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

Institutga talabalarni davlat granti asosida qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi;

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Namangan muhandislik-texnologiya institutiga to‘qimachilik sanoati bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi Institutga yo‘naltiriladi;

Namangan muhandislik-texnologiya institutining to‘qimachilik sanoati ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar o‘qishi Institutga ko‘chiriladi;

Institut faoliyati Davlat byudjeti mablag‘lari, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Namangan muhandislik-texnologiya institutining to‘qimachilik o‘quv laboratoriyasi jihozlari Institut balansiga o‘tkaziladi.

8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

a) 2023/2024 o‘quv yiliga qadar:

Institutni tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish chorasini ko‘rsin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xalqaro nufuzli oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik va (yoki) xorijda yashovchi vatandosh professor-o‘qituvchilarni shartnoma asosida o‘quv va Ilg‘or to‘qimachilik muhandisligi maktabining ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etish choralarini ko‘rsin;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Institut ixtisoslashgan fakultet va kafedralarining mos yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ulushiga ega yirik to‘qimachilik korxonalari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin;

b) Institutning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha Institut uchun kadrlarni maqsadli tayyorlash;

Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda Institut tayanch doktoranturasiga tegishli ixtisosliklar bo‘yicha qabul kvotalarini belgilash choralarini ko‘rsin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Institut uchun yangi o‘quv binolari va talabalar turar joyini qurish hamda ularni jihozlash, Institutning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish loyihalari 2023 yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

10. Institutga Namangan shahar, “Gulobod” MFY, Janubiy aylanma yo‘li ko‘chasi, 17-uy manzilida joylashgan Namangan tadbirkorlikni tashkil etish texnikumining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilsin.

11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda Namangan viloyati hokimi Sh.Sh.Abdurazakov belgilansin.

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

        Prezidenti                                                                                         Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 5 oktyabr