Oʻzbekiston Respublikasida elektr energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
 
q a r o r i
Elektr energetika tarmogʻining ishonchli faoliyat yuritishini taʼminlamasdan turib iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlarining sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish va hayot sifatini yaxshilashga erishib boʻlmaydi.
Zamonaviy sharoitlarda elektr energetika tarmogʻida raqobat muhitini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasidagi faoliyatning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Elektr energetika tarmogʻini isloh qilish boʻyicha vazifalarning amaliy ijrosini taʼminlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Jahon bankining respublika elektr energetika tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi, shu jumladan, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishni nazarda tutuvchi taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining elektr energiyani ishlab chiqarish, yetkazish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga muvofiq, quyidagilar orqali “Oʻzbekenergo” AJni qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
a) issiqlik elektr stansiyalari hamda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi elektr markazlarini boshqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;
b) “Oʻzbekenergo” AJning tugatilayotgan “Oʻzelektrtarmoq” UK va “Energosotish” filiali negizida quyidagilarni amalga oshiruvchi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish:
respublikaning magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish;
elektr energiyani respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish;
elektr energiyani eksport va import qilish, shuningdek, qoʻshni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish;
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalarni, shuningdek, magistral va hududiy elektr tarmoqlarini yagona operativ-dispetcherlik boshqarish;
elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xususiy kapital ishtirokidagi korxonalardan elektr energiyasini yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajarish, shuningdek, elektr energiyani hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga sotish;
v) elektr energiyani yakuniy isteʼmolchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarishni amalga oshiruvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish;
g) “Oʻzbekenergo” AJ tarkibiga kiruvchi ayrim xoʻjalik jamiyatlari hamda korxonalarini 1-ilovaga muvofiq qayta tashkil etish va tugatish;
d) “Oʻzbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning sohaga oid boʻlmagan va foydalanilmayotgan aktivlari va ulushlarini 2-ilovaga muvofiq ularni keyinchalik 2019-2021 yillar davomida belgilangan tartibda sotish maqsadida balans qiymati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
yangi tashkil etilayotgan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining dastlabki ustav kapitallarini shakllantirish 3-5- ilovalarda koʻrsatilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “Oʻzbekenergo” AJ aktivlari va ulushlarini berish hisobiga amalga oshiriladi;
“Oʻzbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 2-ilovada koʻrsatilgan aktivlari va ulushlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish balans qiymati boʻyicha davlat va “Oʻzbekenergo” AJ ulushini kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi;
aktivlar, aksiyalar paketlari va ulushlar yangi tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlariga ularning ustav kapitalida davlat ulushini shakllantirish (oshirish) hisobiga beriladi;
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalari paketlari boʻyicha aksiyador huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi
PQ–3981-son qarori bilan tashkil etilgan Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha komissiya ishchi organi sifatida boshqaruv xodimlarining cheklangan shtat birliklari 20 nafardan iborat boʻlgan, byudjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qoshida Loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Loyiha ofisiga Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining elektr energetika tarmogʻini nazorat qiluvchi oʻrinbosari boshchilik qiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
har bir tadbirni amalga oshirishning aniq muddatlari va ijrochilarini koʻrsatib oʻtgan holda, shu jumladan, “Oʻzbekenergo” AJning qayta tashkil etiladigan korxonalarining aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan oʻtkazishni nazarda tutgan holda “Oʻzbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarni qayta tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
Loyiha ofisi faoliyatini uning tarkibiga elektr energetika tarmogʻini isloh qilish sohasidagi xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda mutaxassislarni jalb etish orqali tashkil qilishni taʼminlasin;
2030 yilga qadar elektr energetika tarmogʻida, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturlarini tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
2019 yil 1 mayga qadar – energiya resurslarining tannarxini pasaytirish va yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar)ni, shuningdek, ularga erishishning bosqichma-bosqich mexanizmlarini koʻrsatgan holda 2019-2020 yillarda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar – resurslarni boshqarish, ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimini (YERP) dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksi (SCADA)ni joriy etish, shuningdek, elektr energiyani nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ni joriy etish boʻyicha loyihani amalga oshirishni jadallashtirish ishlarining aniq tadbirlari, muddatlar va moliyalashtirish manbalarini nazarda tutgan holda 2019-2021 yillarda elektr energetika tarmogʻini raqamlashtirish boʻyicha kompleks dasturni;
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 sentyabriga qadar – 2020-2030 yillarda mamlakatning yoqilgʻi-energetika taʼminoti konsepsiyasini (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya);
Konsepsiya qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddatda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Osiyo taraqqiyot bankining texnik koʻmagi – iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyaga boʻlgan istiqboldagi talab-ehtiyojlari prognozlarini inobatga olgan holda 2030 yilga qadar elektr energetika tarmogʻida ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish dasturlariga aniqliklar va qoʻshimchalar kiritish;
Qurilish vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, konsalting kompaniyalari, ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarining texnik koʻmagida 2019 yil 1 dekabrga qadar – ilgʻor jahon tajribasini hisobga olgan holda elektr energetika obyektlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishni texnik boshqarish sohasida qurilish normalari va qoidalarini, standartlarini, normativ hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Moliya vazirligi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalarining texnik koʻmagida 2019 yil 1 mayga qadar elektr energiya tariflarini belgilash metodologiyasini takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda elektr energiyani ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda ekspluatatsion, operatsion va investitsion sarf-xarajatlar toʻliq qoplanishini, shuningdek, elektr energetika tarmogʻi korxonalari rentabelligining chegaralangan normasi belgilanishi nazarda tutilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uch oy muddatda belgilangan tartibda:
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallari shakllantirilishini va ularning taʼsis hujjatlari tasdiqlanishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlik lavozimlariga zarur tajriba va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar jalb etilishini taʼminlasin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
ushbu qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan aktivlarni sotishdan tushadigan mablagʻlar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya qilish va xususiylashtirish boʻyicha jamgʻarma tasarrufida qoldiriladigan mablagʻlar bundan mustasno boʻlgan holda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning ustav kapitaliga davlatning hissasi sifatida qoʻshiladi va ushbu mablagʻlar issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlari tomonidan jalb etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) kreditlarini “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning ulushini ularning ustav kapitallarida koʻpaytirish hisobiga soʻndirishga maqsadli yoʻnaltiriladi;
mazkur qarorga muvofiq xoʻjalik jamiyatlarining bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga oʻtkazilayotgan mulki, mulkiy huquqlari, jumladan, ustav kapitalidagi aksiyalari va ulushlari qiymati, shu jumladan, ularni qayta tashkil etish va tugatish chogʻida soliqqa tortishning barcha turlari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va yangi tashkil etiladigan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining “Oʻzbekenergo” AJ tuzilmasidagi tashkilotlarga qarashli yuridik shaxslar aksiyalarining 50 foizi va undan koʻprogʻiga egalik qilganida mazkur tashkilotlarning qayta tashkil etilishi yangidan sotib olingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;
yangidan tashkil etiladigan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallarini shakllantirish aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga qoʻshilayotgan mulkning balans qiymati boʻyicha amalga oshiriladi, keyinchalik mazkur mulkning balans va bozor qiymatlari oʻrtasidagi tafovut ularning ustav kapitallariga kiritiladi;
“Oʻzbekenergo” AJning amaldagi shartnomalari boʻyicha huquq va majburiyatlari, shu jumladan, “Oʻzbekenergo” AJ “Energosotish” filialining elektr energiyani xarid qilish va sotish bilan bogʻliq debitor hamda kreditor qarzdorligi, ushbu qarorning 15-bandida nazarda tutilganlaridan tashqari, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufiga oʻtadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining “Qishloqenergoloyiha” AJ negizida innovatsion texnologiyalar va hozirgi zamon ilm-fani yutuqlarini qoʻllagan holda 0,4 kVdan 500 kVgacha kuchlanishli barcha tipdagi elektr tarmoqlarini loyihalashtiradigan zamonaviy koʻp tarmoqli “Oʻzenergoinjiniring” AJ loyiha tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Oʻzenergoinjiniring” AJni zamonaviy texnika va hisoblash vositalari, apparat dasturiy mahsulotlari bilan qoʻshimcha jihozlash uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining moliyaviy mablagʻlari, shu jumladan, grantlari va qarz mablagʻlari jalb etilishini nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
11. Istisno tariqasida, 2021 yil 1 yanvarga qadar:
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlariga hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga – “Oʻzbekenergo” AJ tarkibidan chiqariladigan, shuningdek, uning tuzilmasiga kiritiladigan xoʻjalik yurituvchi jamiyatlar bilan xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish) yuzasidan;
issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlariga – Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilgan texnik topshiriqlarga muvofiq taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni xarid qilishga ularning maksimal qiymati koʻrsatilgan holda tayyorlovchi korxonalar bilan har yili amal qilish muddati bir kalendar yilidan oshmaydigan muddatga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar
va tashqi savdo vazirligi va Jamgʻarmaning “Oʻzbekenergo” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun ilgari nazarda tutilgan 318,4 million AQSH dollari miqdoridagi Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni loyihalar qiymatini optimallashtirish hamda ularni 6-ilovaga muvofiq xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan qarz mablagʻlariga almashtirish hisobiga qisqartirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
13. “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari:
emissiya qilinadigan qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatiga olish va qimmatli qogʻozlar chiqarilishi toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yigʻimlar;
qayta tashkil etiladigan tashkilotlarning topshiriladigan avtotransport vositalarini qaytadan roʻyxatga olishda avtotransport yigʻimlari toʻlashdan ozod qilinsin.
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019 yil 1 iyuldan boshlab:
quvvati 10 MVtdan koʻproq energiya isteʼmol qiladigan sanoat korxonalarini qurish va yer maydonlari ajratish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingunga qadar respublika hududlarida joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda faqat Energetika vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
xususiy investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan mustaqil ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyani xarid qilish tanlov asosida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan loyihalar bundan mustasno) hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati koʻrsatilgan holda amalga oshiriladi.
15. Belgilab qoʻyilsinki:
investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun “Oʻzbekenergo” AJga berilgan kreditlar va qarzlarni “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlariga hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga, shuningdek, “Oʻzbekkoʻmir” AJga qayta rasmiylashtirish 7 va 8-ilovalarga muvofiq amalga oshiriladi;
“Oʻzbekenergo” AJ va uning “Energosotish” filialining “Oʻzbekenergo” AJ hamda 9 va 10-ilovalarga muvofiq uning tarkibiga kiruvchi jamiyatlar tomonidan jalb etilgan kreditlar boʻyicha kafilliklari belgilangan tartibda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatlariga qayta rasmiylashtirilishi lozim;
“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari “Oʻzbekenergo”AJning investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan, issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlarida, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida, “Oʻzelektrtarmoq” UKda loyihalarni amalga oshirish guruhlari hamda 11-ilovaga muvofiq, qayta tashkil etilgan sanada uning moliyaviy hisobotida aks ettirilgan aktivlari hamda majburiyatlarining huquqiy vorislari hisoblanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgarishlarga muvofiq:
tijorat banklari va Jamgʻarma bilan birgalikda “Oʻzbekenergo” AJ tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb etilgan kredit majburiyatlarining yangidan tashkil etilayotgan “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga qaytadan rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
“Oʻzbekenergo” AJning majburiyatlari boʻyicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga oʻzgartirishlar kiritsin.
17. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar respublikada foydalanilayotgan elektr energetika obyektlari uchun uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada kengaytirish dasturini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – energetika vaziri A.S.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                     Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 27 mart