Toshkent shahrida “MEI” milliy tadqiqot universiteti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Respublikaning energetika tarmogʻi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2018-2019 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan amaliy tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”)ni ijro etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Energetika vazirligi, Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) (keyingi oʻrinlarda – Universitet) Toshkent shahrida “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialini (keyingi oʻrinlarda – Filial) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

mamlakatimiz energetika tarmogʻi uchun taʼlim dasturlari va oliy taʼlim sifatiga qoʻyiladigan xalqaro talablarga muvofiq yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash;

zamonaviy taʼlim dasturlari va oʻqitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng soʻnggi yutuqlarini tatbiq etish, oʻquv-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash;

energetika, elektrotexnika, issiqlik texnikasi sohasida fundamental, amaliy ilmiy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, elektr jihozlari va tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, elektr energetikasi tizimlarining tejamkorligi, ishonchliligi va barqarorligini oshirishga yoʻnaltirilgan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ilm-fan va taʼlim sifatini, uzluksizligi va uzviyligini oshirish, jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatiga maqsadli integratsiyalashuv orqali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, taʼlim, ilmiy-tadqiqot va sanoat ishlab chiqarish faoliyatining uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;

taʼlim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash;

shartnoma asosida energetika tarmogʻi tashkilotlarning ehtiyojlarini hisobga olgan va kelishilgan holda talab yuqori boʻlgan bakalavriat taʼlimi yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Filial Universitetning alohida tarkibiy boʻlinmasi – oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

Filial kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan va kelishilgan holda bakalavriat taʼlimining asosiy yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

Filialda taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari asosida Rossiya Federatsiyasining federal taʼlim standartlariga muvofiq rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham amalga oshiriladi;

Filialning taʼlim faoliyati 2019/2020 oʻquv yilidan boshlanadi;

Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;

Filial faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Universitet:

oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;

Filial mutaxassislarining malakasini oshirish va professor-oʻqituvchilari tarkibini qayta tayyorlash;

Filialning kutubxona fondini shakllantirish hamda uni zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan toʻldirishga koʻmaklashishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

5. Quyidagilar:

Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialida kadrlar tayyorlash boʻyicha bakalavriat taʼlimining asosiy yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari 1-ilovaga muvofiq;

Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialining Vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda – Vasiylik kengashi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil etish boʻyicha Tashkiliy komissiya (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy komissiya)tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Filialga qabul kvotalari Universitet, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligi tashkilotlari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarga nisbatan real ehtiyojini inobatga olgan holda, Vasiylik kengashi qaroriga binoan tasdiqlanadi;

b) davlat granti asosida taʼlim olgan Filial bitiruvchilari Vasiylik kengashi tomonidan besh yildan kam boʻlmagan muddatga majburiy ishlab berish uchun respublika energetika tarmogʻi tashkilotlariga taqsimlanadi;

v) Filial faoliyatini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

talabalarni davlat grantlari boʻyicha oʻqitish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan, biroq Filialga oʻqishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda;

talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

g) Universitet mutaxassislarini jalb qilish bilan bogʻliq xizmat safari xarajatlari, Filialdagi mahalliy oʻqituvchilarning stajirovka oʻtash va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, Filialning byudjetdan tashqari mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallari hisobidan amalga oshiriladi;

d) Universitetdan jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilarning xizmat safari xarajatlari uchun toʻlov:

30 kungacha boʻlgan qisqa muddatli xizmat safarlari boʻyicha – Rossiya Federatsiyasining qonun hujjatlarida oliy taʼlim muassasalari xodimlari uchun belgilangan normalarga muvofiq;

uzoq muddatli xizmat safarlari boʻyicha – oʻquv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tuziladigan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi;

ye) Vasiylik kengashining qaroriga binoan Filial xodimlariga Vasiylik kengashi tomonidan shakllantiriladigan mablagʻlar va Filialning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan maxsus uskunalar bilan ishlash koʻnikmasiga ega, yuqori malakali xodimlar uchun shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin;

j) Filial taʼminoti uchun byudjet ajratmalari 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy soha boʻyicha tasdiqlangan xarajatlar parametrlari doirasida ajratiladi, 2020-yildan boshlab esa mazkur sohaning yillik xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

7. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJning Filialni tashkil etish, uning moddiy-texnik va oʻquv bazasini shakllantirish, shu jumladan, Filial uchun ajratilgan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, ularni zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter va orgtexnika, adabiyotlar va kutubxona fondi, inventar, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni quyidagi nisbatlarda oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ – 50 foiz; “Oʻzbekgidroenergo” AJ – 50 foiz.

8. Quyidagilar operativ boshqaruv huquqi asosida:

Toshkent shahri, Olmazor tumani, Mirzo Gʻolib koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan Olmazor politexnika va standartlashtirish kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tutash hududi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga berilsin;

Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qoraqamish-3 manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining bino va inshootlari tutash hududi bilan birga Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga berilsin va keyinchalik ushbu joyda Filial bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

Belgilansinki, hozirgi kunda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati binolarida tahsil olayotgan Toshkent bank kolleji oʻquvchilari oʻqish tugagunga qadar taʼlim jarayonini Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga berilayotgan bino va inshootlarda, Olmazor politexnika va standartlashtirish kasb-hunar kolleji oʻquvchilari esa Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga berilayotgan bino
va inshootlarda davom ettiradi.

9. Tashkiliy komissiya (A.Sultonov):

2019-yil 1-iyulga qadar Filialga taqdim etilayotgan bino va inshootlar, shu jumladan, oʻquv-laboratoriya korpusi va sport inshootlarining rekonstruksiya qilinishi, shuningdek, Filial talabalari va oʻqituvchilari yashashlari uchun yotoqxonalar tayyorlanishi;

2019-yil 20-avgustga qadar Filial joylashtirilishi, Filialga taqdim etilayotgan bino va inshootlarning zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter va orgtexnika, adabiyotlar va kutubxona fondi, inventar, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlanishini taʼminlasin.

10. Filialga oʻqituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif qilinadigan xorijlik professor-oʻqituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflarda toʻlashga ruxsat berilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Universitet, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan oʻzaro hamkorlikda:

bir oy muddatda taʼsis hujjatlari ishlab chiqilishi va kelishilishi, shuningdek, belgilangan tartibda Filial davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi;

ikki oy muddatda Filial tuzilmasi tasdiqlanishi;

2019-yil 1-avgustga qadar Filialning tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

12. Filialga taqdim qilinayotgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, qurish, kapital taʼmirlash va jihozlash bilan bogʻliq ishlarning bajarilishi boʻyicha quyidagilar:

“4-son qurilish direksiyasi” MCHJ – buyurtmachi;

“Gidroloyiha” AJ – bosh loyiha tashkiloti;

“Tupalang HPD Building” UK – bosh pudratchi tashkilot etib belgilansin.

13. Filialga ikkita yengil avtotransport, jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020-yil va keyingi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan, Filialga taqdim qilinayotgan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha loyihalar belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlansin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun davlat boji undirilmasdan belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.

17. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan Filial faoliyatini tashkil qilishda ishtirok etadigan malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.

18. 2022-yil 1-yanvarga qadar Filialni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, jihozlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan oʻquv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyuldagi “Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 557-son qarorining 4-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 4-iyun

 

O’zA