Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mehnatga haq toʻlash miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish hamda mehnatga haq toʻlash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni undirish oʻrtasidagi shartlarning bogʻliqligini bartaraf etish maqsadida:

1. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori oʻrniga:

577 170 soʻm miqdorida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori;

202 730 soʻm miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;

202 730 soʻm miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

a) mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori:

1,0 tarif koeffitsiyenti boʻyicha Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasi birinchi razryadi boʻyicha oylik tarif stavkasining puldagi ifodasi hisoblanadi;

mehnat munosabatlari sohasida lavozim maoshi, ustamalar, qoʻshimcha haq, gonorar, qoʻshimcha ish uchun kompensatsiya toʻlovlari va ragʻbatlantiruvchi tusdagi toʻlovlarning boshqa turlari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan ushlanmalar, ilgari eng kam ish haqiga nisbatan belgilab qoʻyilgan boshqa toʻlovlar miqdorini aniqlashda hamda oilalarning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtojligi va ishsizlik boʻyicha nafaqalar miqdorini aniqlashda qoʻllaniladi;

belgilangan mehnat normalarini toʻliq bajargan xodimlar mehnatiga haq toʻlashning quyi chegarasi sifatida tashkiliy-huquqiy shakli va mehnat munosabatlaridan qatʼi nazar barcha ish beruvchilar uchun majburiy hisoblanadi;

b) bazaviy hisoblash miqdori:

soliqlar, yigʻimlar, jarimalar, davlat bojlari va koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari uchun boshqa toʻlovlarning miqdorlarini;

tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shugʻullanish uchun patent, litsenziya va boshqa toʻlovlarning qiymati, tashkilotlarning ustav va boshqa fondlari (kapitali) miqdori, pulsiz shaklda toʻlanadigan aksiyalar, boshqa qimmatli qogʻozlarning qiymati, yuridik shaxslar aktivlarining balans qiymati, mikrokreditlar va lizing, shuningdek, boshqa moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlarning cheklangan miqdorini aniqlashda qoʻllaniladi;

v) pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori pensiya taʼminoti sohasida pensiyalar, ustamalar, qoʻshimcha haq va kompensatsiya toʻlovlari, shuningdek, xodimlarning mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki ular oʻzlari mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni qoplashda qoʻllaniladi.

3. Belgilansinki:

eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ustamalar, qoʻshimcha haq, mukofotlar hamda boshqa kompensatsiya va ragʻbatlantiruvchi tusdagi toʻlovlarning barcha turlari mazkur toʻlovlarning soʻmda ifodalangan amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda qayta hisob-kitob qilinadi (zarur hollarda koʻp tomonga yaxlitlanadi);

qonun hujjatlarida mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlashning boshqa tartibi oʻrnatilishi mumkin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasini qayta koʻrib chiqish hamda nafaqalar, kompensatsiyalar va toʻlovlarning alohida turlari miqdorlarini mutlaq summada belgilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasini qoʻllash hamda tashkilotlarda mehnatga soatbay haq toʻlash tizimini belgilash boʻyicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Vazirlik va idoralar uch oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 21 may

 

O’zA