Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, xalqning tinch va farovon hayoti uchun shart-sharoitlar yaratish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning asosida qabul qilingan qonunlar jamiyat va davlat faoliyatining barcha sohalarini isloh qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar o‘zining ifodasini topgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 70 ta asosiy hujjatga qo‘shildi, BMT tomonidan ushbu sohada qabul qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasida milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘z modeli, insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi monitoringi milliy tizimi shakllantirilgan.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatning xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti sifatidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin olish, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tamoyillari va qadriyatlariga e’tiborini kuchaytirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa choralar tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, qonunchilikka va davlat organlarining amaliy faoliyatiga inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan ijrochilarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar ijrosini tashkil qilishga va ularning o‘z vaqtida ijro etilishi monitoringini amalga oshirishga har taraflama ko‘maklashish;

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston vakillarining faol ishtirok etishi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilishini ta’minlash;

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni, mamlakatimizda maqsadi va shartlari inson, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘lgan demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda 2018-yil 10 dekabrda mamlakatimizdagi barcha maktab, litsey, kollej, oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkazsin.

4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari maslahati ko‘magida Dastur amalga oshirilishining borishini keng yoritish bo‘yicha mavzuli eshittirishlar, ko‘rsatuvlar va materiallar e’lon qilinishini tashkil etish tavsiya qilinsin.

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 5-may